Light | 13:58 / 25.08.2018
12970
4 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun pitssa “Margarita” deb nomlanadi?

Pitstsa – dunyodagi eng mashhur taomlardan biri. Va albatta har bir pitssaxonada “Margarita” nomli asosiy pitssa turi mavjud bo‘ladi. Nima uchun klassik italyan taomiga ayollarning bunday chiroyli ismi berildi?

Foto: Mon Petit Four

Pitstsaga o‘xshagan ilk taomlar inson tomonidan ming yillar avval tayyorlangan. Pitstsa prototiplari rimliklar va qadimgi greklar tomonidan pishirilgan. Biroq antik pitssalarda undagi asosiy tarkibiy qism – tomatlar bo‘lmagan. Ular Yevropaga Janubiy Amerikadan XVI asr boshlaridagina keltirilgan. Shuning uchun qadimiy pitssa - ustiga turli yeguliklar solingan pishgan xamir bo‘lagi ko‘rinishida edi.

Zamonaviy pitssani esga soluvchi taom ilk bor XVI asr o‘rtalarida Italiyaning Neapol shahrida tayyorlangan deb hisoblanadi. Biroq pitssani o‘sha vaqtning hurmatga sazovor odamlarining taomi bo‘lgan deb hisoblash noto‘g‘ri. Aksincha, u qashshoqlar yeguligi edi: hatto boy bo‘lmagan dehqon ham xamir qoldig‘ini ingichka qilib yoyib, ustiga uyidagi mahsulotlar – go‘sht, pishloq va ko‘katlarni solib, tayyorlashi mumkin bo‘lgan. Qisqa vaqt davomida pitssa italiyalik oddiy odamlarning sevimli taomiga aylandi. XVII asr boshlarida esa hatto alohida kasb – pizzaiolo – dehqonlar uchun pitssa tayyorlaydiganlar paydo bo‘ldi.

Bu holat o‘n yillab, va nihoyat, pitssani yuqori qatlam vakillari tatib ko‘rgunlariga qadar davom etdi. Italiya qirolining turmush o‘rtog‘i Savoyalik Margarita oddiy xalq qanday yashashi bilan qiziqishga qaror qildi. 1889 yilda oddiy tumanlardan biriga tashrif buyurdi va dehqonlarning yeguligini tayyorlab berishni so‘radi. Oshpazlar qirolichaning tashrifidan esankirab qolishdi va Hazrati oliyalari o‘rgangan dengiz mahsulotlari va go‘shtni tayyorlashga ulgurmay qoldilar. Xayolotni ishga solishga to‘g‘ri keldi: xamirdan tayyorlangan non ustiga shoshilinchda tayyorlangan tomat qaylasi, pomidor bo‘laklari, ko‘katlar va pishloq sepildi. Aytishlaricha, qirolichaga bu oddiy, biroq juda mazali taom shu darajada yoqdiki, uning shaxsiy oshpazlari retseptni yozib olishdi. Xalq orasida esa qo‘shimcha mahsulotlar solinmagan pitssa turi butun Yevropaga taomni mashhur qilgan Italiya qirolichasi sharafiga “Margarita” deb atala boshlandi.

Foto: Wikipedia
Savoyalik Margarita

Bu qiziq: Italiya aholisi orasida mamlakat bayrog‘i kelib chiqishining o‘ziga xos talqini mashhur. Ma'lum bo‘lishicha, undagi ranglar pitssani anglatar ekan: qizil – tomat qaylasi, oq – motsarella pishlog‘i, yashil – Italiya ko‘katlari.

Bu to‘g‘rimi yoki yo‘q – «Margarita» pitssasining paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi bunday afsona Apennin yarim oroli aholisi o‘rtasida ancha mashhur.

Mavzuga oid