O‘zbekiston | 11:34 / 25.10.2018
8166
2 daqiqa o‘qiladi

Ba'zi kollejlarda huquqshunoslar tayyorlash to‘xtatiladi

Foto: Novosti44.ru

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish choralari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Adliya vazirligining yuridik kollejlariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda vazirlik telegram-kanali.

Unga ko‘ra, yuridik kollejlarda o‘qishga qabul qilish vazirlik tomonidan belgilangan qabul kvotalari doirasida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Kam ta'minlangan oila farzandlari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ko‘zi ojiz abituriyentlar qabul kvotalaridan tashqari vazirlik tomonidan maxsus ajratilgan o‘rinlarda qabul qilinadi. Ushbu o‘quvchilar qonun hujjatlariga muvofiq davlat granti asosida tahsil olishadi. 

Nizomga muvofiq, xorijiy fuqarolarni yuridik kollejga o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shuningdek, qaror bilan 2019–2020 o‘quv yilidan boshlab Adliya vazirligi tuzilmasiga kirmagan kollejlarda “Yurisprudentsiya”, “Huquqshunoslik”, “Ijtimoiy muhofaza qilish huquqshunosi” yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quvchilarni tayyorlash to‘xtatiladi.

Mazkur tartib 2019 yil 1 apreldan amalga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, vazirlik tuzilmasida har bir hududda bittadan – 14 ta yuridik kollej tashkil etilgan.

Yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid