Mahalla raislari endi uch yilga saylanadi. Saylovlar faqat may oyida bo‘ladi

Poytaxtda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq qabul qilingan qonun normalarini yoritish masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi, deb yozmoqda O‘zA.
Konstitutsiyaning 105-moddasida “Shaharda, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda fuqarolar yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga oqsoqolni saylaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Mahalla jamiyat boshqaruvining xalq qadriyatlariga asoslangan tizimi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda qator vazifalarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tizimga doir ko‘plab qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 15 oktyabrdagi “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlari yuzasidan ma'lumotlar berildi.
Oldingi qonun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) bilan bir vaqtda uning maslahatchisini ham saylashni nazarda tutar edi. Raisning vakolat muddati 2,5 yil bo‘lib, bu muddat ularga o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatini to‘liq namoyon etishga imkoniyat bermayotgan edi. Shuningdek, raislar fuqarolar vakillari yig‘ilishi tomonidan saylanardi. Bunda saylovchilar nomidan atigi 50-80 nafar vakil ovoz berardi. Boshqa fuqarolar ba'zan bundan bexabar qolayotgan, o‘z fikrini bildira olmayotgandi. Yana bir jihati shunda ediki, saylov ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgani bois, fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini erkin bildirish imkoniyati cheklangandi.
Qonundagi o‘zgarishlar natijasida maslahatchilarning rais (oqsoqol) bilan bir vaqtda saylanishining oldi olindi. Uning vakolat muddati 2,5 yildan 3 yilga uzaytirildi. Vakillikning minimal normasi belgilandi, ya'ni u saylovchilarning 12 foizidan kam bo‘lmasligi tartibi o‘rnatildi. Endilikda Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi alohida respublika komissiyasi tuziladi. Bundan keyingi saylovlarda yashirin ovoz beriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar to‘g‘risida axborot Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarining rasmiy veb-saytlariga saylov o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtiriladi.
O‘quv-seminarda qayd etilishicha, endilikda har uch yilda bir o‘tkaziladigan saylovlar faqat may oyida bo‘ladi. Shuningdek, bu jarayondagi boshqa o‘zgarishlar haqida ham to‘liq ma'lumot berildi.
Mavzuga oid

10:38 / 24.02.2025
Germaniyada parlament saylovlari. Konservativlar birinchi o‘rinni egalladi

11:10 / 12.02.2025
Fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi

16:12 / 13.01.2025
Mahalla raisining vakolat muddati uch yildan besh yilga oshirilishi mumkin

11:49 / 20.06.2024