O‘zbekiston | 11:35 / 21.07.2020
3057
4 daqiqa o‘qiladi

Bog‘dorchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish mexanizmi takomillashtiriladi

Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Adliya vazirligining 2021 yil 1 yanvargacha jamoa bog‘dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi hamda ushbu yer uchastkalarida joylashgan bino va inshootlariga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari rahbarligida, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari va sektor rahbarlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi komissiya tashkil etiladi.
  
Komissiya:

uch oy muddatda respublikadagi barcha bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari (keyingi o‘rinlarda shirkat deb ataladi) faoliyatini xatlovdan o‘tkazish va o‘rganish,  shu jumladan, yerlardan foydalanish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulklar hamda shirkat va uning a'zolarida foydalanishida bo‘lgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik egallab olish, kommunal tarmoqlariga ulanganlik va ekologik holatlarni;

o‘tkazilgan xatlov natijalariga muvofiq shirkatlarning yer uchastkalarini hududlarining istiqbolli kengayishi va bosh rejalariga asosan aholi punktiga o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Belgilanishicha, xatlov natijalari asosida shirkatlar hududida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalarni qonun hujjatlarga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan zaxira yerlar toifasiga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni, shu jumladan shirkatlar hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan soddalashtirilgan va shaffof mexanizmlar asosida mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi 2020 yilning 1 noyabrga qadar shirkatlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda yer munosabatlarini tartibga solish, jumladan, jamoa bog‘dorchiligi va uzumchiligi yuritish uchun shirkatlarga muddatli (vaqtincha) foydalanish uchun yer uchastkalarini berilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif kiritadi.

Mavzuga oid