O‘zbekiston | 11:42 / 23.07.2020
1909
3 daqiqa o‘qiladi

TDAU huzurida Indoneziya universiteti tadqiqot markazi ochilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Indoneziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.

2020 yilning 23 iyul kuni videokonferensaloqa shaklida O‘zbekiston va Indoneziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-raundi bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov va Indoneziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Desra Perchaya boshchilik qildi.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Indoneziya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida mufassal fikr almashildi, xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Hamkorlikni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish maqsadida davlatlararo siyosiy muloqotga tizimlilik tusini berishga qiziqish bildirildi. Shu nuqtai nazardan ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish uchun shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlari batafsil muhokama qilindi. O‘zaro savdo aylanmasi hajmlarini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishning dolzarbligi, savdo aloqalarining hozirgi ko‘rsatgichlari tomonlarning mavjud salohiyatiga mos emasligi qayd etildi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida Iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Indoneziya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy jihatlariga muhim e'tibor qaratildi.

Delegatsiya rahbarlari turizm sohasidagi munosabatlarning dinamik xarakterini e'tirof etdilar, «ziyorat» turizm va «halol» turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishning muhimligini ta'kidladilar.

Madaniy-gumanitar hamkorlik, xususan pandemiya sharoitida qo‘shma tadbirlarni tashkillashtirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi, jumladan Toshkent davlat agrar universiteti huzurida Bogor qishloq xo‘jaligi universiteti Tadqiqot markazi ochilishining rejalashtirilayotgani qayd etildi. Mazkur yo‘nalishdagi faol ishlarni kelgusida ham davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid