Farg‘ona derbisida hakamga hujum qilgan «Neftchi» futbolchilari sud zalidan ozodlikka chiqarildi
Farg‘onaning «Neftchi» klubi ikki nafar futbolchisi Jamshid To‘raqulov va Doston Toshmatov bugun, 19 fevral kuni ozodlikka chiqarilgan.

O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyevning Tribuna.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, har ikki futbolchi bugun sud zalidan ozodlikka chiqarilib, oilasi davrasiga qaytgan.
«Hammamiz uchun quvonchli kun bo‘ldi»
«Bugun «Neftchi»ning ushbu yosh futbolchilari va ularning oila a'zolari, umuman, hammamiz uchun quvonchli kun bo‘ldi, deya olaman. Uzoq davom etgan tergov jarayoni, sudlar yakuniga yetib, futbolchilar o‘z oilalari bag‘riga qaytarildi. Futbolchilarning ota-onalari, jonkuyar muxlislar, futbol jamoatchiligi barchamiz birdamlikda harakat qildik. Sud bugun xursand qiladigan qarorni chiqardi. Bu masalada O‘FA va bir qator tashkilotlarga murojaat qilgandik, barchasi ijobiy yakunlanishida ularning ham hissasi bor. 15 fevral kuni o‘tgan sud majlisida Farg‘onadagi o‘yinni boshqargan hakamlarimizning o‘zlari ham ishtirok etib, sud zalida futbolchilarga nisbatan hech qanday adovati yo‘qligi, ularning ozod etilishlariga qarshi emasliklarini bildirishdi. Bugun, 19 fevral kuni ertalab sud majlisi bo‘lib, kechga yaqin sud hukmi e'lon qilinib, futbolchilar ozodlikka chiqarildi.
Jamshid To‘raqulov va Doston Toshmatovga nisbatan O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi tayinlagan jazo choralari hali amalda. Bu masalada ham murojaat etib, qandaydir yechim izlashga harakat qilib ko‘ramiz. Har holda futbolchilarning o‘zlari ham xato qilganini to‘liq anglab yetishgan. Bo‘lib o‘tgan ishlardan juda ham pushaymon. Ular to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga ishonamiz. Buyog‘iga ularning tarbiyasi va keyingi hayoti haqida ham qayg‘urishimiz kerak», - deydi Kamoliddin Murzoyev Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.
«O‘g‘limiz bilan bir oy ko‘risha olmadik, Xudoga shukur, oilamiz bag‘riga qaytdi»
«Uzoq davom etgan tergov va sudlardan keyin o‘g‘limni qo‘yib yuborishganidan juda ham xursandmiz», - deydi Jamshid To‘raqulovning otasi Lochinbek To‘raqulov quvonchini yashira olmay.
«Qariyb 40 kun tergovda bo‘ldi o‘g‘lim. Undan keyin ish sudga oshirildi. Oqibatda bir oy o‘g‘limiz bilan ko‘risha olmadik. Shuncha vaqt Farg‘onadagi «Toshturma»da edi. 15 fevral kuni birinchi sudi bo‘ldi. Bugungi suddan keyin esa shukrki, uyga o‘g‘limiz bilan qaytdik. Xursandchilikdan hamma uyimizga kelyapti. Klubdagilar ham joylarga xat bilan chiqib, yordam berishdi. Sudda ham qatnashishdi. Sudning yakuniy hukmiga ko‘ra, 3 yil, 9 oyga uy qamog‘ida bo‘ladi, deyishdi. Ya'ni, kechki soat 22:00dan saharlab 06:00gacha tashqariga chiqishi mumkin emas ekan. Shunga qaramay, men ham, onasi ham, qarindoshlar, hammamiz Jamshid bag‘rimizga qaytganidan juda ham xursandmiz. 20 kun ichida apellyatsiya berishimiz mumkin ekan. Hali advokatimiz bilan yana maslahatlasharmiz», - deydi Lochinbek To‘raqulov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.
Hammasi qanday bo‘lgan va nima bilan tugagan edi?
Farg‘onaning «Neftchi» klubi a'zolari Jamshid To‘raqulov va Doston Toshmatov dekabr oyida Pro liganing so‘nggi turi doirasida Superliga yo‘llanmasi uchun kechgan «Neftchi» - «Turon» (0:1) uchrashuvidan keyin boshlangan ommaviy janjalda ishtirok etgani uchun uchrashuvdan keyin Farg‘ona shahar Ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgandi.
Xususan, Jamshid To‘raqulov bosh hakam Shavkat Nasibullayevni tepib yiqitgani uchun hibsda saqlanib, keyinchalik O‘FA tomonidan ham 10 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilingandi.
Shuningdek, klub vakillari Sherzod Abduraimov, Sanjar Zokirov va Jamshid Qobulov 15 million so‘mdan jarimaga tortilgan, «Neftchi» hujumchisi Doston Toshmatov 10ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi. «Neftchi» klubi esa 100 million so‘m jarimaga tortildi va 3ta o‘yinni muxlissiz o‘tkazishi e'lon qilingandi.
Oxir-oqibat, klub bosh murabbiyi Abdusamad Do‘rmonov lavozimidan ozod etilib, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov taklifiga ko‘ra Ilhom Mo‘minjonov «Neftchi» bosh murabbiyi sifatida tanishtirilib, uning oldiga klubni Pro ligadan Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi.
Mavzuga oid

16:50 / 18.10.2023
Chempionlik 22 yil o‘tib, poytaxtdan tashqariga chiqadimi? Bosh sovringa qaysi jamoa asosiy da’vogarligi haqida

10:15 / 29.09.2023
Xayrullo Bozorov birinchi o‘rinbosarini «Neftchi» klubi prezidenti etib tayinladi

14:11 / 12.08.2023
Farg‘onada serbiyalik darvozabon yosh bolalarni so‘kdi, o‘yindan keyin hakamlarga «bakalajka» otildi

14:47 / 06.08.2023