O‘zbekiston | 10:39 / 23.03.2021
1961
3 daqiqa o‘qiladi

175ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladi

Keyingi o‘quv yilidan fizikaga ixtisoslashtirilgan 28ta tayanch maktabi tashkil etilib, ularga tegishli OTMning kafedralari biriktiriladi, 2021–2023 yillarda jami 175ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarorida ma'lum qilindi.

Foto: KUN.UZ

19 mart kuni davlat rahbarining “Fizika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5032-son qarori qabul qilindi.  

Qaror bilan 2021–2023 yillarda fizika fanlari bo‘yicha ta'lim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Fizika fani bo‘yicha kadrlar, xususan, qishloq joylardagi maktablar o‘qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish dasturning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. 

2021–2022 yillarda bosqichma-bosqich respublika hududlarida fizika faniga ixtisoslashtirilgan jami 28ta tayanch maktabi tashkil etilib, ularga tegishli OTMning kafedralari biriktiriladi. 

Shuningdek, 2021–2023 yillarda jami 175ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladi. 

2021/2022 o‘quv yilidan:

  • umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida fizika fani kengroq o‘qitiladigan variativ o‘quv rejasi joriy qilinadi;
  • ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch o‘quv rejada belgilangan o‘quv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan o‘qitiladi.
  • 2021 yil 1 oktyabrgacha fizika fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv modullari ishlab chiqiladi. 

2022 yil 1 yanvargacha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEM” fizika klublari tashkil etiladi; 

fizika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.

2021/2022 o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida 20ta umumta'lim muassasasida “virtual laboratoriya” loyihasi ta'lim jarayoniga tatbiq etiladi. 

2022 yil 1 sentyabrdan ixtisoslashtirilgan maktablarning fizika fani bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimida maksimal ballning 70 va undan yuqori foizini to‘plagan fizika fani o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama haqi 50 foiz miqdorida to‘lanadi.

Mavzuga oid