O‘zbekiston | 15:23 / 28.09.2021
5965
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 12 yoshdan katta bolalar ham Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy emlanadi

O‘zbekistonda 12 yoshdan katta bolalarni COVID-19’ga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlashga ruxsat berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12-15 yoshdagi bolalarda o‘tkazilgan klinik sinovlari natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatgani aytiladi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 12 yoshdan yuqori bolalarni va o‘smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etildi.

Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasi qaroriga asosan, yurtimizda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash imkoniyati mavjud”, deyiladi xabarda.

Ayni paytda mamlakatda 13 sentabr kuni keltirilgan 1 200 000 dozadan iborat Pfizer/BioNTech vaksinasi mavjud. 12 yoshdan katta bolalar koronavirusga qarshi emlanishdan avval shifokor ko‘rigidan o‘tishlari lozim.

Eslatib o‘tamiz, BioNTech va Pfizer kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinasi 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xavfsiz deb topilgan edi

Birlashgan Arab Amirliklari hukumati uch yoshdan 17 yoshgacha bo‘lganlarni Xitoyning Sinopharm kompaniyasi vaksinasi bilan emlashga ruxsat berdi.

Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya va Shvetsiyada o‘smirlarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat etilgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bolalar uchun Pfizer/Biontech va Moderna kompaniyalari vaksinalarini qo‘llashga ruxsat bergan.

Mavzuga oid