O‘zbekiston | 18:17 / 08.11.2021
7143
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda «Obod mahalla» dasturi ijrosi davomida o‘rnatilgan suv minorasi qulab tushdi

Foto: Qashqadaryo suv ta'minoti

Bugun Qashqadaryo | Kun.uz  kanalida o‘z manbasiga tayanib Koson tumani Shirintepa mahallasida «Obod mahalla» dasturi ijrosi davomida o‘rnatilgan suv minorasi qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Xabar yuzasidan «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Koson tumani «Shirintepa» MFY ichimlik suv tarmoqlari qurilishi obekti bo‘yicha bosh pudratchi «Sayin suv inshootlari» MChJ qo‘shma korxonasi va yordamchi pudratchi «Quybog‘ qurilish maskani» MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda obekt foydalanishga topshirilmagan.

Qurilish doirasida «Quybog‘ qurilish maskani» MChJ bilan ta'minotchi tashkilot «Metall Osiyo Biznes» MChJ o‘rtasidagi 2021 yil 7 oktyabrda Koson tumani «Shirintepa» MFY ichimlik suv tarmoqlari qurilishi obektiga 50 metr kub hajmga ega minorasini tayyorlab berish va montaj qilish uchun 18-sonli shartnomasi tuzilgan.

Joriy yil 5 noyabr kuni obektga suv minorasini montaj qilish jarayonida ushlab turuvchi troslarning bog‘lanish uzellari ulanish vaqtida uzilib ketgani natijasida suv minorasi qulab tushgan.

«Bugungi kunda qulab tushgan suv minorasi ta'minotchi tashkilot «Metall Osiyo Biznes» MChJ tomonidan obektdan chiqarib ketilgan va qaytadan yangi suv minorasi o‘rnatib berishni o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun 2021 yil 10 noyabr kuniga qadar vaqt talab etilishini ma'lum qilgan», deyiladi munosabatda.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, pudratchi tashkilot sifatsiz va standartlarga mos kelmaydigan metalldan yasalgan suv minorasini o‘rnatib bo‘lgandan keyin uni suvga to‘ldirayotganda qulab tushgan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Shirintepa mahallasida «Obod mahalla» doirasida olib borilayotgan boshqa ishlar ham o‘lda-jo‘lda bo‘lib turibdi. Jumladan, yo‘l ta'miri va simyog‘ochlarni almashtirish ishlari chala qolgan.

Mavzuga oid