O‘zbekiston | 18:52 / 24.11.2021
12195
2 daqiqa o‘qiladi

Mollarga kunjara bersak qoplamaydi - Mingbuloqlik chorvador

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida yashovchi Umarxon Abdumalikov xalqqa go‘sht yetkazib berish maqsadida qoramol boqadi. Hozirda uning og‘ilida 20 ta boquvdagi mollari bor. Umarxon hayvonlarni aholi kam istiqomat qiladigan qishloqda boqadi. Chunki og‘ildan chiqadigan hid odamlarga salbiy ta'sir keltirishi mumkin. Shu sababdan bu qishloqdagi aholining katta qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi.

“Qishloq hudud bo‘lsa-da, qoramollarni boqish ancha mushkul. Ozuqa ekish uchun yer sotib olaman desangiz yer qimmat” - deydi qahramonimiz. U hozirda jonivorlarini "silos" bilan boqmoqda. “Silos” berish ham dekabr oyida kamaytiriladi. Chunki zaxira yetmay qolishi mumkin. Shu sababli qish boshlanishi bilan maxsus qozonda atala, ozuqa taom pishiriladi. U esa somonga qo‘shib beriladi. Chorvadorning aytishicha, bitta qoramol o‘rtacha 6-8 oyda yetiladi. Unga esa 2-3 mln.gacha pul sarf etiladi. Daromad ham shunga yarasha. Hayvonlar kasallanmasdan, yaxshi yetiladigan bo‘lsa, o‘rtacha 3-4 mln daromad olish mumkin. Jonivorlarni eson-omon semirtirib olish esa, o‘ziga yarasha mashaqqat hisoblanadi.

Umarxon Abdumalikov qoramol boqishda jonivorlarning ishtahasiga, ularning og‘iz bo‘shlig‘iga, hazm qilish va chiqaradigan axlatiga doim e'tibor berish kerakligini ta'kidlaydi. Shu holatlarga e'tibor berilishi hayvonlar kasal bo‘lishining oldini olishga katta yordam beradi.

Qahramonimiz avvalgidek qoramollarga kunjara va shunga o‘xshash yem berish bugungi kunda qoplamasligini aytadi. Hozir asosan “silos”, bug‘doy va makkajo‘xori yemi bilan oziqlantiriladi. Bu esa qoramollar semirish jarayoniga ta'sir o‘tkazishini aytdi. 

Mavzuga oid