Jahon | 20:15 / 14.12.2021
4375
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask kompaniyasi karbonat angidriddan yonilg‘i oladi

Foto: Reuters

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi atmosferadagi karbonat angidrid CO2 gazidan raketa yonilg‘isi olish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushiradi. Bu haqda Maskning o‘zi Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“SpaceX atmosferadan karbonat angidrid olib, uni raketa yonilg‘isiga aylantirish bo‘yicha dasturni ishga tushirmoqda. Agar sizga qiziq bo‘lsa, bizga qo‘shiling”, deb yozgan tadbirkor.

U loyiha Marsga parvozlarni amalga oshirish va uni zabt etishda muhim ekanini ma’lum qilgan. Hozirda kompaniya Oy va Marsga odamlar hamda yuklarni yetkazishga mo‘ljallangan Starship sayyoralararo fazoviy kemasining birinchi orbital parvoziga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bundan tashqari, Qizil sayyora atmosferasining 96 foizi aynan karbonat angidriddan iborat.

Biroq Mask CO2’ni qanday qilib yonilg‘iga aylantirmoqchiligiga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, loyihaga qachon start berilishi, gazni yonilg‘iga aylantirish texnologiyasi hozirda yaratilgani yoki yo‘qligi noma’lum. 

Ta’kidlash joiz, atmosferada karbonat angidrid miqdorining ko‘pligi hozirda iqlim o‘zgarishi masalasidagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Chunki aynan ushbu gaz issiqxona effektini keltirib chiqaradi. CO2 atmosferaga asosan ko‘mir yoqilishi oqibatida tushadi.

Joriy yil boshida Mask atmosferani karbonat angidriddan tozalash bo‘yicha eng yaxshi texnologiya mualliflariga 100 mln dollar to‘lashga va’da bergandi.

Mavzuga oid