O‘zbekiston | 11:10 / 28.12.2021
1211
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda shartnoma shartlarini bajarmagan avtosalondan xaridorning Labo mashinasi olib berildi

Qashqadaryo viloyatida avtosalon shartnoma shartlarini bajarmagan holda xaridorga Labo mashinasini o‘z vaqtida yetkazib bermagan. Bu haqda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro U.Esonov Federatsiyaning ishonch telefoni orqali murojaat qilgan. U.Esonovning murojaatiga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘i N.Qodirova nomiga DAMAS-2 LB2 (Labo) rusumli mashina sotib olish uchun Qarshi shahridagi “Qashqadaryo avtotexxizmat” MChJ bilan 2021 yilning 12 avgust kuni 67 million 500 ming so‘mlik shartnoma tuzgan. Avtomashina uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lsa-da, shartnomada ko‘rsatilgan muddatda avtomashina yetkazib berilmagan.

O‘rganishlar davomida shartnomaning 3.1 bandida avtomobilni yetkazib berish muddati 2021 yilning 30 noyabrigacha etib belgilangani aniqlangan. Shuningdek, shartnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng esa iste’molchi U.Qodirova tomonidan avtomobilning rangi oq rangdan qaymoq rangga o‘zgartirilishi so‘ralgani ma’lum bo‘lgan.

Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan iste’molchining talablari inobatga olingan holda mashina xaridorga yetkazib berilgan.

Mavzuga oid