Jahon | 21:05 / 31.03.2022
6117
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropadan bir oy ichida 150 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborildi

Eng ko‘p diplomat Polshadan chiqarib yuborilgan. 

Foto: Reuters

Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan buyon Yevropa mamlakatlari 150 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yubordi, deb yozadi “Onado‘lu” agentligi. 

Aksariyat mamlakatlarda rossiyalik diplomatlar «josuslik va milliy xavfsizlikka tahdid solish»da ayblangan bo‘lsa, qator davlatlar Ukraina bilan birdamlik ramzi sifatida rossiyaliklarni persona non grata deb e’lon qilgan.

Polsha eng ko‘p – birdaniga 45 nafar diplomatni josuslikda ayblab mamlakatdan chiqarib yubordi. 

Ukrainaning yana bir qo‘shnisi Slovakiya 38 nafar rossiyalik diplomatni Vena konvensiyasiga rioya qilmaslikda ayblab mamlakatdan chiqib ketishini talab qildi.

Belgiya hukumati 21 nafar diplomatni chiqarib yuborishga qaror qildi – ular «josuslik bilan shug‘ullangan»likda ayblandi. 

Gollandiya ham 17 nafar rossiyalik diplomatni josuslikda ayblab mamlakatdan chiqarib yubordi. 

Moskva bilan munosabatlari umuman olganda yaxshi bo‘lgan Bolgariyadan 12 nafar diplomat chiqarib yuborildi. 

Shimoliy Makedoniyani 5 nafar rus diplomati tark etdi. 

Litva to‘rt, Estoniya va Latviya uch nafardan Rossiya diplomatik missiyasining xodimlarini «persona non grata» deb e’lon qildi. 

O‘z navbatida, Chexiya Rossiyaning Pragadagi elchisi o‘rinbosarini mamlakatdan chiqarib yuborishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid