Mehnat vazirligi o‘zbek tili bayrami qatnashchilariga tojikcha kitoblar sovg‘a qilgan. Vazirlik izoh berdi
O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ishtirokchilarning ayrimlariga tojik tilida yozilgan kitoblar tarqatgan. Holat bo‘yicha vazirlik Kun.uz’ga izoh berdi.

Foto: Qitmir muxbir telegram kanali
Qitmir muxbir telegram kanalining yozishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 21 oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tadbir tashkil qilgan. Unda faol qatnashgan ishtirokchilarga tojik tilida yozilgan kitoblar sovg‘a qilingan.
“O‘zbek tilida to‘g‘ri va ravon so‘zlashish madaniyatini yuksaltiraylik, tilimizni rivojlantiraylik”, deb ishtirokchilarga tojik tilida yozilgan kitob sovg‘a qilishibdi”, – deb yozgan kanal muallifi.
Xabar e’lon qilingandan keyin, turli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan.
«Vale ishtirokchilarga tojik tilidagi kitoblar sovg‘a qilinganiga nima deysiz? Buni Mir Alisher Navoiy hazratlari ko‘rganida bormi, naqd «Muhokamat-ul lug‘atayn» kitobi bilan tashkilotchilarning boshlariga urgan bo‘larmidi?» – deya kinoya qilgan RakursUz Telegram-kanali muallifi jurnalist Muslim Mirzajonov.
Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tadbir uchun kitoblar sotib olinganda ularning ichiga tojik tilidagilari ham qo‘shilib qolgan.
“Hozir kimlarga tojik tilidagi kitoblar tarqatilgan bo‘lsa, aniqlab o‘zbekcha kitoblar bilan almashtirib berilyapti”, – dedi vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva.
Mavzuga oid

18:01 / 23.04.2025
Ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan sinf bitiruvchilari ham davlat tilidan imtihon topshiradi

17:06 / 17.04.2025
Sirdaryolik rahbarlar o‘zbek tili bo‘yicha diktantda salbiy natija qayd etgani ma’lum bo‘ldi

16:11 / 17.04.2025
Hindistonda o‘zbek tili mutaxassisligi bakalavriat dasturiga kiritilishi mumkin

10:24 / 26.03.2025