O‘zbekiston | 07:49 / 29.12.2022
15917
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimning bir vaqtning o‘zida mahalliy ijroiya va vakillik organiga rahbarlik qilish vakolati bekor qilinadi

“Mahalliy vakillik organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

“Mahalliy vakillik organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 7 ta bob va 58 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Mahalliy vakillik organi faoliyatining iqtisodiy asosi, uning strukturasi va ular faoliyatining tashkiliy asoslari, xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari, xalq deputatlari kengashi faoliyatida qonuniylik kafolatlari, Kengash nazoratini amalga oshirishga oid qoidalar aks ettirilgan. 

Jumladan, hokimlarning bir vaqtning o‘zida mahalliy ijroiya va vakillik organiga rahbarlik qilish vakolati bekor qilinib, faqat ijroiya organi rahbari bo‘lishiga oid qoidalar belgilanmoqda.

Xalq deputatlari Kengashlari raisi va uning o‘rinbosarini saylash tartiblari belgilanmoqda, jumladan:

  • raislikka nomzodlar xalq deputatlari Kengashiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiyadan bo‘lmagan har bir siyosiy partiya deputatlari orasidan bittadan taqdim etilishi;
  • raisning o‘rinbosariga nomzodlar xalq deputatlari Kengashida deputatlik o‘rinlarini olgan barcha siyosiy partiyaning a’zolari bo‘lgan deputatlari orasidan taqdim etilishi;
  • rais va uning o‘rinbosarini saylash yashirin ovoz berish va deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘p ovozini olish orqali saylanishi;
  • birinchi ovoz berishda nomzodlar saylanmagan taqdirda, takroriy ovoz berish tartibi belgilanmoqda.

Xalq deputatlari Kengashi raisi va uning o‘rinbosarini o‘z lavozimidan muddatidan oldin ozod etishning aniq asoslari qayd etilmoqda, ya’ni:

  • o‘zlarining ixtiyoriy arizasiga ko‘ra;
  • odob-axloq qoidalari muntazam ravishda, ya’ni 1 yilda 2 martadan ortiq buzilganda;
  • mahalliy vakillik organlari faoliyatining ochiqligiga qo‘yilgan talablar buzilganda;
  • rais va uning o‘rinbosarini muddatidan oldin lavozimidan ozod etish masalasi deputatlar umumiy sonining kamida 1/5 qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga asosan ko‘rib chiqilishi;
  • rais va uning o‘rinbosari o‘z lavozimidan deputatlar umumiy miqdorining 2/3 qismi yashirin ovoz bergandan ozod etilishi mumkinligi taklif etilmoqda.

Mavzuga oid