Maktablarda 64 xil kasb o‘rgatiladi, xorijlik o‘qituvchilar jalb qilinadi – Prezident topshirig‘i
Shuningdek, kasb-hunar ustaxonalari tashkil etiladi, ular jihozlanadi va zarur ashyolar bilan ta’minlanadi.

20 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.
«Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi taklif etildi. Shu bois hokimliklarga tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etilishi, Yoshlar jamg‘armasidan mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilandi.
«Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: bo‘sh ish joyi ko‘p, oyligi ham yaxshi, lekin o‘quvi va ko‘nikmasi bor ishchi yo‘q. Agar bu tizim to‘g‘ri tashkil qilinsa, bizdagi demografik o‘sish bilan katta natijalarga erishsa bo‘ladi», dedi davlat rahbari.
Shuningdek, o‘quvchilarni axborot texnologiyalari va «kreativ industriya» bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Chet tillarini sifatli o‘rgatish uchun maktablarga «til egasi» bo‘lgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til o‘rgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mavzuga oid

08:59 / 26.04.2025
Rossiyada IIV migrant bolalarning ta’lim ma’lumotlariga ega bo‘ladi

20:30 / 21.04.2025
Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi

12:53 / 14.04.2025
Besh kunlik dars tizimi haqida pedagoglar qanday fikrda?

20:50 / 25.03.2025