Sport | 11:46 / 15.06.2023
44689
10 daqiqa o‘qiladi

Argentinadagi yoshlar chempionatining 10 yulduzi. Ularning ko‘pchiligi allaqachon top-klublarda

Ro‘yxatda Nigeriya milliy jamoasidagi 16 yoshli iste’dod ham bor.

Foto: Getty Images

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasidagi jahon chempionati ham yakunlandi – unda Urugvay jamoasi g‘olib chiqdi. Bunday turnirlarda yoshlar o‘zlarini to‘laqonli ravishda namoyon etishadi, keyin esa top-klublarga o‘tadi yoki allaqachon bunday klublarda bo‘lishsa, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. Xo‘sh, yakunlangan turnirda kimlar porladi?

Chezare Kazadey — 20 yosh, Italiya

Foto: Getty Images

Bu yigit chiroyli o‘yin ko‘rsatdi — U20 bo‘yicha jahon chempionatlari tarixida bir vaqtning o‘zida ham «Oltin butsa», ham «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan oltinchi futbolchi bo‘ldi. Ushbu yarimhimoyachi 7+2 ko‘rinishidagi samaradorlik ko‘rsatdi, Italiya jamoasi finalga chiqishi uchun barcha ishni qildi.

Gollardan tashqari, Chezare yarimhimoyachilarning odatiy funksiyalarini bajarishda davom etdi — klassik oltilik yoki boks-tu-boks vazifasini bajardi: baland bo‘yli, chidamli, yakkakurashlardan cho‘chimaydigan va ulkan gavdasidan unumli foydalanadi. Kazadeyning o‘zi ham jismoniy imkoniyatlari — uning asosiy ustunligi ekanini yashirmaydi: intervyularidan birida bu borada afsonaviy Nikola Bertiga o‘xshashini aytgan. U «Chelsi»ga tegishli (yoshlar jamoasida o‘ynaydi) va, aftidan, endi bu jamoada unga keyingi bosqichga o‘tish uchun barcha eshiklar ochiladi. Uning transfer narxi 12 mln yevroni tashkil etmoqda.

Tommazo Baldansi — 20 yosh, Italiya

Foto: Getty Images

Ushbu pleymeyker Chezare bilan birgalikda jahon chempionatida raqiblarga kun bermadi. Ular juda yaxshi bog‘lam hosil qilishdi: jarima maydoni ichida bir-birini ko‘z yumgan holda ham topa olishardi. Masalan, Kolumbiya bilan o‘yinda dastlabki ikki golni urishdi (bittadan gol va pas), ikkinchi bo‘limda esa darvoza ustuni uchinchi gol urilishiga yo‘l qo‘ymadi.

 

Tommazoning yana bir muhim sherigi — Simone Pafundi, u ham kichik jussali, abjir, texnikasi kuchli va hujumkorlikka moyil. Turnirning Braziliyaga qarshi kechgan birinchi o‘yinida ayniqsa u bilan yaxshi hujumlar uyushtirildi: yigitlar to‘pni ancha orqaroqda egallab, jamoani oldinga boshlashdi va vaziyatlar yaratishdi.

Baldansi chiziqlarni bog‘ladi, driblinglari bilan raqiblarni ortda qoldirdi, o‘rni kelganda o‘ng qanotga siljidi — shu yerdan turib asosiy xavfni tug‘dirdi. «Empoli» futbolchisiga qariyb bir yildan buyon Italiyaning top jamoalari qiziqib kelmoqda — jahon chempionatidagi bunday ishtirokidan keyin uni olib ketishlari aniq.

Alan Matturro — 18 yosh, Urugvay

Foto: Getty Images

Turnirning «Kumush to‘p» sohibi. Aql bovar qilmas himoyachi — markazga ham ulguradi, hujumga ham yetib boradi. Uning chap qanotdan hujumlarga qo‘shilishi xavfli chiqardi, ba’zida golga ham olib keldi — yarimfinalda Isroil bilan kechgan o‘yindagi kabi. Finalda ham u ishonchli harakat qildi, ammo bunda uning markaziy himoyadagi sherigi Sebastyan Boselli ham beqiyos rol o‘ynadi. Urugvay bu juftlik tufayli olti o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Daniel Daga — 16 yosh, Nigeriya

Foto: Getty Images

Bu jahon chempionatining kashfiyoti. U hali 16 yoshda, ammo u porlay oldi. Tayanch yarimhimoyasi vakili Argentina ustidan tarixiy g‘alabani ta’minladi — aynan u yulduzli tarkibga ega raqib hujumlarini qaytardi: to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirdi, butun maydon bo‘ylab yugurdi, istalgan nuqtada to‘p uchun kurashdan to‘xtamadi. Yoshi ham, gavdasi ham kichik bo‘lishiga qaramay, doimiy ravishda o‘zining katta yoshli raqiblarini qiynadi. Va o‘z o‘yinidan rohat olib harakat qildi.

Hozircha Daniel Nigeriya chempionati autsayderi safida to‘p surmoqda, ammo, shubha yo‘qki, jahon chempionatidan keyin uning hayoti jiddiy o‘zgaradi.

Diyego Luna — 19 yosh, AQSh

Foto: Getty Images

Amerika jamoasining muhim futbolchisi. Turnirda u «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida harakat qilib, 1+3 ko‘rsatkichini qayd etgan holda, jamoasi bilan 1/4 finalga qadar yetib bordi. O‘rta bo‘yli, ammo yaxshi tezlikka ega, epchil, himoya chizig‘ini yorib o‘tadi va hujumni keskinlashtiradi.

Eng yorqin o‘yini — 1/8 finalda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin bo‘ldi: zaxiradan maydonga tushdi va ikki assist amalga oshirib, hujumni boshqardi. Markaziy himoyachilar pozitsiyasigacha qaytib, to‘pni oldi va qanotlar orqali hujumlarni rivojlantirdi. Bunda AQSh sxemasi ham qo‘l keldi: chap qanot vingeri Keyd Kauell Lunaning pozitsiyasiga o‘tdi, vingerning o‘rnini esa Keyleb Uayli egalladi — bu holatda Diyego maydon bo‘ylab erkin harakatlanishi va to‘pni oldinga olib borishi mumkin edi.

Luna «Anderleht»da tajriba oshirgan va «Barsa»ning Amerikadagi akademiyasida tarbiyalangan, ammo hozirda «Real Solt-Leyk»da javlon urmoqda — MLS chempionati o‘yinlarida zaxiradan maydonga chiqadi. Bu turnirdan keyin uning porloq istiqbol kutayotganini taxmin qilish mumkin.

Oskar Kortes — 19 yosh, Kolumbiya

Foto: Getty Images

Turnirda 4 gol urib, 2 golga uzatma berdi. O‘zining oldinga chiqishi bilan maydonning uchinchi qismidagi vaziyatni keskinlashtiruvchi vinger. Vaziyatga qarab hujumchi ortida ham, «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida ham, hatto o‘ng qanotda ham harakatlanishi mumkin bo‘lgan universal. Vaziyatni yaxshi his qiladi va vaqtida fint ijro etishga kirishadi. Ammo eng muhim fazilati — keskinlashtiruvchi paslari: hamisha bo‘sh hududlar va sheriklarini vaqtida ko‘ra oladi.

Hozirda Kolumbiyaning «Milonarios» klubida o‘ynamoqda va bu mavsumda u 17 o‘yinda 6+3 ko‘rsatkichiga erishgan — vinger uchun ajoyib natija. Aftidan, Oskar tez orada ko‘tariladi.

Maksimo Perrone — 20 yosh, Argentina

Foto: Getty Images

U allaqachon yulduzga aylangandi — qishda uni «Manchester Siti» 9 mln yevro evaziga transfer qilgan. Haqiqiy dispetcher va hujumlarni boshlab beruvchi.

Muhim ustunligi — aniq uzatmalari. Hujumlarni tashkil etishda jamoada unga teng keladigani yo‘q — Perrone istalgan joyiga to‘pni yetkazib bera oladi. Hatto vertikal uzatmalar bilan hujumlarni boshlab berish uchun markaziy himoyachi pozitsiyasiga ham tushishi mumkin. Bir o‘yinda u besh marta hal qiluvchi uzatma muallifiga aylandi.

Fabrisio Dias — 20 yosh, Urugvay

Foto: Getty Images

Haqiqiy yetakchi. Finalda aynan Fabrisio jamoani ruhiy jihatdan ham, o‘yin jihatidan ham oldinga boshladi: tayanch yarimhimoyachisi sifatida u hududlarni sheriklari uchun tozaladi, birinchi pas bilan hujumlarni boshlab berdi, ko‘p hollarda ikkinchi tempda hujumga qo‘shildi — shunday hujumlardan birida to‘pni egallab oldi va uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan darvoza ustunini titratdi. Juda universal futbolchi. To‘qnashuvlarga borishdan cho‘chimaydi. Hozircha Montevideoning «Liverpul» klubi uchun o‘ynamoqda

Sebastiyano Deplansh — 20 yosh, Italiya

Foto: Getty Images

Turnirning «Oltin qo‘lqop» sovrini egasi. Uni olti o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan urugvaylik darvozabon Randall Rodriges qo‘lga kiritishi kutilgandi. Ammo janubiy amerikaliklarning bunday natijaga erishishi — ko‘p jihatdan markaziy himoyachilarning ishonchli o‘yini evaziga bo‘ldi. Sebastiyano esa Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ham, finalda ham ko‘p bor qutqardi: burchakdan yo‘llangan aylanma zarbani to‘sa oldi va jamoani o‘yinda qoldirdi, o‘yin oxirida esa beshga bir vaziyatda gol urishga yo‘l qo‘ymadi. Qolaversa, oyoqlari bilan yaxshi o‘ynaydi: Deplansh ko‘pincha oxirgi himoyachi vazifasini bajardi, qisqa paslar amalga oshirdi va bosim ostida to‘pni uzoqlashtirdi.

Sebastiyano «Milan» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo hozirda C seriya vakili «Trento» darvozasini qo‘riqlamoqda. Ko‘tarilish vaqti keldi.

Valentin Barko — 18 yosh, Argentina

Foto: Getty Images

Hujumkor chap qanot himoyachisi. Butun qanotni qamrab oladi, yakuniy bosqichda o‘z reydlari bilan raqib mudofaasini tahlikaga soladi. Qanotdan keskin uzatmalar va yuqoriga oshirib berishlar amalga oshiradi. O‘zbekiston bilan o‘yinda esa golli assistni hisobiga yozib qo‘ygandi.

Barko hamisha jamoasiga hujumga o‘tish uchun bir lahzada qaror qabul qilib, bir-ikki teginishda kerakli uzatmani amalga oshiradi. Shu bilan birga himoyadagi ishlariga ham ulguradi: jismonan baquvvat emasligiga qaramay (bo‘yi 172 sm) faollik bilan to‘qnashuvga boradi va yakkakurashlarda g‘olib keladi.

Barko «Boku» safida o‘ynamoqda, ammo jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan keyin, Tuttosport xabariga ko‘ra, «Yuventus»ga o‘tishi mumkin — turinliklar uning shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulini to‘lashga tayyor.

Mavzuga oid