O‘zbekiston | 13:09 / 27.12.2023
8261
6 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya: u bilan kurashish qachon samarali bo‘ladi?

Bugungi dunyoda siyosiy tafakkur juda rivojlangan. Har bir ahamiyatli, katta hodisani anglash darajasi juda yuqori. Jumladan, tahdidlarni anglash va ularning real yoki potensial zararlarini chamalash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Dunyo ekspertlarining fikriga ko‘ra, insoniyat taraqiyotiga eng katta zarar yetkazayotgan omillardan biri – bu korrupsiya.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Korrupsiya – bu shunchaki kimlarningdir noqonuniy oldi-berdi qilishi emas. Korrupsiyaning o‘z falsafasi bor. Har qanday kishilik jamiyatida, insonlar o‘rtasida turfa xildagi raqobatlar bo‘ladi. Korrupsiya – noxolis, oson, tez va malakasizlik bilan raqobatda yutish demakdir. Korrupsiyaning eng katta tahdidi – jamiyatda intellekt va malaka emas, aksincha, malakasizlik va bilimsizlik g‘alabasidir.

Korrupsiya – bu nafaqat davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabat, balki har bir insonning turli holatlari o‘rtasidagi ziddiyat yoki kurashdir. Misol uchun, bir talabaning ikki holatdagi kelajagini tasavvur qilib ko‘raylik. Birinchi holatda, u korrupsiyalashgan tizimdagi oliy o‘quv yurtini tamomladi, ikkinchi holatda esa korrupsiyadan xoli boshqa o‘quv yurtini bitirdi. Bitta mutaxassisning ikki holatdagi bilim va malakasi o‘rtasida albatta farq bo‘ladi. Va tizim qanchalik korrupsiyalashgan bo‘lsa, farq shunchalik katta bo‘lad.

Korrupsiyalashgan tizimdagi diplomli mutaxassis – u qanchalik yaxshi odam bo‘lmasin, uning bilimlari va malakasida katta nuqsonlar bo‘ladi. Chunki uni o‘qitgan ustozlar ham yuqori malakali bo‘lmagan va qoidaga ko‘ra bo‘lishi ham mumkin emas. Qolaversa, tizim talaba va ustozlarni maksimal intellekt oldi-berdisiga majburlamaydi, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida jiddiy intellektual raqobat bo‘lmaydi, talaba va o‘quv muassasasi o‘rtasida korrupsiya bo‘lar ekan – talaba o‘qish va ish topish uchun intellekt yig‘ishni emas, pul berish va olishni ustuvor vazifa deb biladi.

Har qanday davlatda ma’lum darajada korrupsiya bilan kurashish bo‘ladi. hattoki, korrupsiyalashgan avtoritar va totalitar davlatlarda ham. Chunki markaziy hokimiyat va davlatning ustuvor manfaatlarini himoya qilish uchun korrupsiya bilan kurashish kerak. Korrupsiya – davlatni yemiruvchi, o‘rnatilgan qonun-qoidalarni sekinlik bilan izdan chiqaruvchi eng zararli hodisadir.

Misol uchun, yo‘l qoidasi – insonlarning hayotiy xavfsizligi bilan bog‘liq masala. Agar yo‘l qoidalarini o‘rnatish va saqlashda korrupsiya urfga kirsa, insonlar o‘limi va jarohatlanishi odatiy holga aylanib qoladi. Chunki korrupsiyalashgan tizimda, bir tomondan qoidalar va jarimalar adolatli emas, pul yig‘ish maqsadida o‘rnatilsa, boshqa tomondan, jamiyatdagi qudratli shaxslar bu tizimni chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonda 2016 yilda hokimiyat o‘zgargach, davlatning tabiati ham o‘zgardi. Unga qadar O‘zbekistonda qattiq avtoritarizm ruhiyati hukmron edi. Ijtimoiy fikr katta hajmdagi qo‘rquv bilan muttasil to‘yintirib borilardi. Bugun O‘zbekistonda so‘z erkinligining zarurati, huquqiy davlatchilik, real iqtisodiy va siyosiy islohotlarni anglash va amalga oshirishga intilish kuzatilmoqda. Ijtimoiy fikrda nisbiy iliq siyosiy muhit o‘rnatilgan. Tanqidiy fikrlash sekinlik bilan bo‘lsa-da, rivojlanib bormoqda.

Yangi siyosiy muhit – yangi siyosiy madaniyat deganidir. Nisbiy iliqlik, davlat boshqaruv tizimida, siyosiy elitada, jamiyatda oldingi davrda o‘rnatilgan “o‘yin qoidalari”ni qanchalik va qay tomonga o‘zgardi degan savolni qo‘yadi. Birinchi ma’muriyat davrida, korrupsiyaga qarshi kurash ham repressiv usullarda, o‘ta markazlashgan va siyosiy motivlashgan holda kechdi. Boshqaruv formulasidan repressiv elementlar ahamiyatining tushirilishi esa “korrupsiya bilan kurash qay usullarda bo‘ladi” degan masalani dolzarblashtirgan edi. Ya’ni ikkinchi ma’muriyat oldida yangi boshqaruv formulasining elementlarini shakllantirish vazifasi turardi. Jumladan, korrupsiya tahdidini aniqlash va u bilan kurashish usullari borasida. Bir tomondan, ijtimoiy tafakkurni qo‘rqitmaslik, ikkinchi tomondan, sovuqqonlik va izchillik bilan korrupsiyaga qarshi kurashish.

Transparency International xalqaro tashkilotining hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston korrupsiyalashuv darajasi indeksida 2016 yilda 156-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 126-o‘ringa ko‘tarildi. Ya’ni 30 balga yaxshilandi. Lekin 126-o‘rin ham “davlatda va jamiyatda korrupsiyaning miqdori yuqori” degan ma’noni beradi. Ushbu tashkilot, korrupsiya, monopoliyalar va boshqa illatlar bilan kurashish uchun fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni muttasil maslahat berib keladi.

19 dekabr kuni Qatar davlati va BMT tomonidan ta’sis etilgan, dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashdagi faollarning xizmatlarini e’tirof etib keladigan mukofotni topshirish marosimi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan nutq bilan so‘zga chiqib, “demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan O‘zbekistonda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz” dedi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va demokratik islohotlarning o‘zaro bog‘liqligi – muhim urg‘u. Chunki dunyo tajribasida, korrupsiyaga qarshi ikki konseptual kurash usuli bor. Biri avtoritar-repressiv usullar bilan kurashish. Bunda korrupsiya markaziy boshqaruvda saqlanib qolaveradi. Va, ikkinchisi – huquqiy-demokratik boshqaruv usuli bo‘lib, bunda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati, mustaqil OAV, erkin saylovlar va siyosiy plyuralizm – eng samarali vositalar hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid