Jahon | 15:56 / 06.01.2024
8407
2 daqiqa o‘qiladi

Shotlandiya Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun uy-joyga pul to‘lamaydi

Markaziy hukumat qochqinlarni vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlash xarajatlarini mahalliy hukumatlar zimmasiga yuklamoqchi.

Foto: Reuters

Shotlandiya hukumati Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun qisqa muddatli uy-joy xarajatlarini qoplashni davom ettirishdan bosh tortdi, deb yozadi Daily Record nashri 5 yanvar, juma kuni.

Nashr 2023 yil oktyabr oyida mamlakat mahalliy hokimiyat organlari assotsiatsiyasi tomonidan hukumatga yuborilgan xatga ishora qiladi. Ular hukumatning «superhomiy» sxemasi uchun sarflangan xarajatlarni qoplashni talab etgan. Ushbu sxema 2022 yil mart oyida ishga tushdi. U Ukrainadan kelgan qochqinlarga kirish uchun ruxsatnoma va vaqtinchalik uy-joy olish imkonini yaratgan. 

Mahalliy hokimiyatlar hukumatdan yetarli mablag‘ olmasa va xarajatlarni o‘z budjetidan qoplasa, bu boshqa munitsipal xizmatlarning qisqartirilishini anglatishi haqida ogohlantirgan. Bunday holda, ular qochqinlar yashaydigan mehmonxonalarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi mumkin. 

Shotlandiya muxolifati hukmron partiyani ukrainalik qochqinlarga xiyonatda aybladi

Markaziy hukumat 2022 yilda qisqa muddatli turar joy xarajatlarini qoplash uchun 10 million funt sterling ajratdi, ammo budjet bilan bog‘liq muammolar tufayli bu yil moliyalashtirish davom ettirilmaydi. 

Muxolifat hukmron partiyani Ukrainadan kelgan qochqinlarga xiyonat qilishda aybladi, deb yozadi Scottish Daily Express. Bunday ayblovlar 2023 yilning bahoridan beri yangramoqda. O‘shanda muxolifat qochqinlar qabul qilinganidan bir yil o‘tgach, ularning uchdan bir qismi vaqtinchalik joylarda - mehmonxona xonalarida va uzoq muddat davomida yashash uchun mos bo‘lmagan kruiz kemalarida qolayotganidan norozilik bildirdi. Shu bilan birga, ular doimiy uy-joy bilan qachon ta’minlanishini tushunmayotgani aytiladi.

BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda Ukrainadan 6 milliondan ortiq qochqin bor, biroq ularning bir qismi davom etayotgan jangovar harakatlar va Ukraina hududlari Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishiga qaramay, allaqachon uylariga qaytgan. 

Mavzuga oid