O‘zbekiston | 00:39 / 28.01.2024
33564
2 daqiqa o‘qiladi

Oiladagi zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi video olgan vaynerlar 15 sutkaga qamaldi

Ular buning uchun uzr so‘rab chiqqani yetarli bo‘lmadi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar sudning xabar berishicha,  jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2024 yil 27 yanvar kungi qaroriga muvofiq Sh. O. va R. A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasi (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish), 189-2-moddasi (jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ular suratga olgan videoda ayolni eri urgani uchun otasinikiga ketib qolgani, otasidan kuyovi bilan gaplashib qo‘yishni so‘raganida esa ota qizini uyiga qaytarib yuborgani aks ettirilgan.

«Biz uch-to‘rt kun avval ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizga ayol har qanday holatda eriga itoat qilishi kerak, degan mazmundagi videoni joylashtirgan edik. Ushbu videomizda ko‘rsatilgan holat O‘zbekiston gender tengligi to‘g‘risidagi qonunga zid ekan. Shuning uchun ushbu video internet foydalanuvchilari tomonidan salbiy izohlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so‘raymiz va kelajakda bunday video olmaslikka so‘z beramiz», — deya uzr so‘ragandi vaynerlar.

Mavzuga oid