Mahkumlarning saylov va referendumda ishtirok etish huquqi kafolatlanadi
Shuningdek, mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi haqidagi me’yor qonunda qat’iy belgilanmoqda.

Foto: Senat.uz
Senatning 52-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lish, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda. Bunday huquqdan sud hukmi asosida mahrum etilish holatlari mustasno.
Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mahkumlarning Ombudsmanga hamda Bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi, murojaat qilish qutilarining o‘rnatilishi, ochilishi, foydalanishi, shuningdek, murojaatlarni yuborish tartibi yangi normada o‘z ifodasini topmoqda.
Muhokama davomida senatorlar Qonun qabul qilinishi natijasida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid

16:22 / 01.05.2025
Yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda soliq to‘lovi besh barobar oshiriladi

16:21 / 30.04.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi

13:00 / 30.04.2025
Senat O‘zbekistonda elektron sigaretalarni taqiqlash haqidagi qonunni ma’qulladi

13:39 / 29.04.2025