Kim Chen In Rossiya armiyasining «adolatli ishini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini» aytdi
Shuningdek, KXDR rahbari Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh o‘rtasidagi uch tomonlama harbiy hamkorlikni tanqid qildi.

Foto: KCNA
KXDR «hududiy yaxlitlikni himoya qilish» masalasida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash niyatida, dedi mamlakat yetakchisi Kim Chen In 8 fevral kuni KXDR Mudofaa vazirligiga tashrifi chog‘ida.
«KXDR armiyasi va xalqi Rossiya armiyasi va xalqining o‘z suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini KXDR va Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ruhiga muvofiq himoya qilish borasidagi adolatli ishini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi», dedi Kim Chen In, uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirdi.
KXDR rahbari tashrifi davomida Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh o‘rtasidagi uch tomonlama harbiy hamkorlikni ham tanqid qildi. Kim Chen In so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatlar mintaqadagi «tanglikning ortishi» uchun javobgardir. KXDR «keraksiz keskinlikni istamaydi», lekin «harbiy muvozanatni ta’minlash uchun izchil qarshi choralar ko‘radi».
AQSh, Janubiy Koreya va Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR rasmiylari Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun 11 mingga yaqin askarini yuborgan. Ular Rossiyaning Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan. The New York Times gazetasi yanvar oyida KXDR qo‘shinlari og‘ir yo‘qotishlarga uchraganidan so‘ng frontning oldingi chizig‘idan ortga qaytarilgani haqida xabar berdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 7 fevral kuni Rossiya yana KXDR askarlarini Kursk viloyatidagi janglarga yuborganini aytdi.
Mavzuga oid

10:55
Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

07:48
AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzoladi

01:15
NATO razvedkasi: Rossiya armiyasiga har oy 30-40 ming kishi yollanmoqda

21:53 / 30.04.2025