Jahon | 15:22 / 16.02.2025
14356
9 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Pokrovsk atrofida qarshi hujumga o‘tdi. Bu nimani anglatadi?

Rossiya hujumlari kamayishi fonida ukrain armiyasi faolroq qarshilik ko‘rsatishni boshladi. Bu birinchi navbatda eng xavfli yo‘nalish - Donetsk oblasti Pokrovsk shahri atrofiga taalluqli.

Foto: Reuters

2025 yil boshidan buyon frontdagi harbiy to‘qnashuvlar miqdori barqaror ravishda kamaymoqda, masalan, fevralning dastlabki haftasi davomida ancha vaqtdan buyon rossiyaliklarning kunlik hujumlari soni 100 martadan kam bo‘lgan. Rossiya armiyasi tomonidan bu darajada past faollik oxirgi bor yarim yil oldin, avgust oyida kuzatilgandi.

Ammo Pokrovsk atrofidagi vaziyat eng tahdidlisi bo‘lib qolmoqda. Rossiyaning 1000 kilometrga cho‘zilgan butun front bo‘ylab har kungi hujumlarining uchdan bir qismi, ba’zida esa teng yarmi aynan shu yo‘nalishda qayd etilmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, bu yerda rossiyaliklar ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy keltirgan statistikaga ko‘ra, yanvar oyining o‘zida Moskva Pokrovsk atrofida 15 ming harbiy yo‘qotgan, shundan 7 ming nafari — tiklanmas yo‘qotishlardir.

Biroq, Rossiya armiyasining bu yerdagi so‘nggi nisbatan muvaffaqiyatli harakatlari 2024 yil noyabr oyi oxiri — dekabr oyi boshida qayd etilgan, o‘shanda rus harbiylari Pokrovskning janubi-g‘arbiy chekkalariga yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan edi. O‘tgan ikki oy ichida UQK dushmanning hujumini sezilarli darajada to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, ukrainaliklar muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtira oldi.

Bu yanvar oyi oxirida «Hortitsa» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi qo‘mondoni o‘zgarganidan keyin sodir bo‘ldi. Frontning bu uchastkasiga bir vaqtning o‘zida Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni bo‘lgan general Mixaylo Drapatiy mas’ul etib tayinlandi.

Qanotlardagi kurash

O‘tgan yilning kuz fasli o‘rtalaridan RF armiyasi Pokrovskdagi ukrain garnizoniga ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yish maqsadida shaharni sharq, janub va g‘arbdan o‘rab olish rejasini amalga oshirishga kirishdi.

Rossiya armiyasi shaharning sharqiy chekkasiga 2024 yil sentabr oyi oxirida yaqinlashishga muvaffaq bo‘ldi. Kuz oxiriga kelib, rossiyalik harbiylar Pokrovskka olib boradigan janubiy yo‘llarni kesib qo‘ydi va dekabr oyida Kotlino qishlog‘i yaqinida Mejyevaya shahriga (Dnepropetrovsk oblasti) olib boruvchi avtomobil yo‘liga chiqdi.

Rossiyalik harbiylarning keyingi maqsadi — shimolroqda Pavlogradga olib boruvchi trassani kesib qo‘yish, shuningdek Dnipropetrovsk oblastining ma’muriy chegaralariga yetish hisoblanadi. Ikki vazifa ham uddalab bo‘lmas vazifa emas — ikki holatda ham rossiyaliklar taxminan 4-5 kilometr masofa bosib o‘tishi qolgan. Ammo Kremlni bu maqsaddan Ukraina qurolli kuchlarining frontning mazkur uchastkasida kuchayib borayotgan qarshiligi to‘sib turibdi.

Ukrainlarning DeepState tahliliy portali 10 fevral kuni bergan xabarga ko‘ra, qarshi hujumlar evaziga Pokrovsk uchastkasidagi ikki joyda oldingi pozitsiyalar qaytarib olingan.

Rossiyalik harbiylar har kuni Pokrovskni o‘qqa tutmoqda. Ammo shaharda tinch aholi vakillaridan 7 mingga yaqin kishi bor. Harbiylar ularni evakuatsiyaga ko‘ndirmoqda
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Xususan, ukrain harbiylari rossiyaliklarni Pokrovsk janubidagi Dachenskoye qishlog‘idagi pozitsiyalardan, shuningdek shahardan sharqdagi Vodyanoye Vtoroye qishlog‘idan surib tashlagan.

Birinchi holatda mudofaa kuchlarining qarshi hujumi Chunisheno temiryo‘l stansiyasi yaqinidagi muhim mudofaa tugunini qo‘lga kiritish xavfini bartaraf etishga imkon berdi. Ikkinchi holatda — rossiyaliklarning Pokrovsk-Konstantinovka trassasini kesib qo‘yishga urinishlari to‘xtatilgan.

Keyingi kuni DeepState Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Pokrovskdan janubi-g‘arbda joylashgan Peschanoye qishlog‘idan ham chekintirgani haqida xabar berdi.

Muvaffaqiyatli qarshi hujumlar to‘g‘risidagi ma’lumot «Hortitsa» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi qo‘mondonligi tomonidan ham tasdiqlangan.

«Ha, Pokrovskdan janubi-g‘arbda janglar ketmoqda, bu shunchaki ko‘p sonli qishloqlar va posyolkalar. Ha, u yerda muvaffaqiyatli qarshi hujumlarga misollar bor. Ha, u yerda u yoki bu aholi punktlarida o‘rnashib olishga bo‘lgan ayrim urinishlarga misollar bor. Va ha: u yerda muntazam ravishda jang ketmoqda», —degan guruh vakili Viktor Tregubov.

Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar ham Ukraina armiyasining Pokrovsk janubi va g‘arbidagi «lokal qarshi hujumlari» haqida yozmoqda, ammo ularning aksariyati muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishontirmoqda.

Bu nima uchun muhim?

Ukraina qo‘mondonligining bu harakatlaridan ko‘zlangan aniq maqsad Pokrovsk yaqinidagi dushman hujumini shunchaki to‘xtatish emas, balki idealda Rossiya armiyasi janubi-g‘arbiy yo‘nalishda shakllantirgan «uzun xanjar»ni butunlay kesib tashlashdir.

Uzunligi taxminan 7 km va kengligi 10 km bo‘lgan bu «xanjar» Peschanoye — Uspenovka oralig‘idan shakllangan va Udachnoye — Kotlino oralig‘igacha cho‘zilgan.

Ukrainadagi «Axboriy qarshilik» tahlilchisi Konstantin Mashovets frontning mazkur kichik uchastkasiga Rossiya birdaniga ikkita umumqo‘shin armiyasining (41 va 2-armiyalar) asosiy kuchlarini — 90-tank diviziyasi kuchlari hamda kamida beshta motoo‘qchilar brigadasini jamlaganini qayd etgan.

Ammo shunday katta kuchlar ham asosiy vazifani — Pokrovskning shimoli va g‘arbidan yorib o‘tib, Udachnoye, Uspenovka, Zverevo va boshqa qishloqlarni egallash vazifasini bajara olmadi.

Mashovetsning fikricha, buning sababi shundaki, Rossiya qo‘mondonligi nafaqat g‘arbga, balki janubga ham kirib borishni kengaytirish zarurligini yetarlicha baholamagan.

«Ya’ni, Pokrovskni qurshab olish va aylanib o‘tishning o‘zi asosiy kuchlari bilan janubga, Novopavlovsk yo‘nalishida harakat qilayotgan 90-tank diviziyasini o‘z zarbdor guruhining chap qanotini himoya qilish uchun doimiy ravishda oldinga „surish“ zarurati bilan bevosita bog‘liq. Rossiya qo‘shinlari Pokrovskdan shimoli-g‘arbga qanchalik „chuqurroq“ kirib borsa, ular bu diviziyani shunchalik uzoqroq va shiddatliroq „surishi“ kerak», —deydi sharhlovchi.

Uning hisoblashicha, Rossiya qo‘shinlari qo‘mondonligi Pokrovsk g‘arbidagi hujumga «shoshilgan». Uning fikricha, bu amaliyotni faqat Ukrainaning Kuraxovo yaqinidagi platsdarmi to‘liq yo‘q qilingandan keyingina tashkil etish mumkin edi.

Rossiya qo‘shinlarining eng ko‘p hujumlari aynan Pokrovsk yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmoqda 

Fevral o‘rtalariga kelib ham Ukraina guruhi Dachnoye, Ulakli va Konstantinopol hududlarini o‘z nazoratida saqlab qolmoqda. Bu Pokrovskdan 27-30 kilometr janubroqda.

Shunga ko‘ra, Kreml o‘zining eng yaxshi jangovar qismlarini, xususan, 90-tank diviziyasini bir vaqtning o‘zida ikkita qarama-qarshi yo‘nalishga sochib yuborishga majbur va ularning hech birida to‘liq muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

Rossiya kuchlari bunday «cho‘zilishi» ularning zichligi pasayishiga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlariga lokal qarshi zarbalar uyushtirish imkonini qoldiradi.

Mashovets RF qo‘mondonligi Pokrovsk yo‘nalishidagi muammoni hal etish uchun yaqin vaqtlar ichida o‘z qo‘shinlarini qayta guruhlashga urinishini prognoz qilmoqda.

Rossiyadagi manbalar, masalan, Readovka harbiy nashri Ukrainaning Pokrovsk yaqinida Rossiya armiyasining chuqur kirib borishini to‘xtatishga qaratilgan dastlabki urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini qayd etgan.

«Dushman katta kuchlar va intensiv artilleriya yordami bilan ta’minlangan bunday ulkan rejani amalga oshira olmadi. UQK eski xatosini takrorladi. Ular son va bosim orqali ko‘proq narsaga erishishga qodir bo‘lgan yetarli miqdordagi kuchlarni bir vaqtning o‘zida jangga kiritishdan qochishdi», — deyiladi nashrning tahliliy eslatmasida.

Maqolada aytilishicha, keyingi harakatlar prognozi quyidagicha: Ukraina kuchlari yana o‘z rejasini amalga oshirishga va Rossiya qo‘shinlarini Pokrovskdan g‘arbga qaytarishga harakat qiladi.

Mavzuga oid