Torontoda yo‘lovchi samolyoti qo‘nayotganda ag‘darilib ketdi
Bombardier CRJ 900 samolyoti Toronto aeroportida noqulay ob-havo sharoitida ag‘darilib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Foto: X / brianlilley
AQShning Minneapolis shahridan uchayotgan Delta Airlines samolyoti Torontoning Lester Pirson nomidagi aeroportida ag‘darilib ketdi. Hodisa 17 fevral, dushanba kuni samolyot qo‘nayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
OAV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida sakkiz kishi jarohatlangan. Ulardan uch nafari – bir bola va ikki katta yoshli yo‘lovchi og‘ir ahvolda shifoxonalarga yetkazilgan. Bombardier CRJ 900 bortida jami 76 yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Aeroport ma’lumotlariga ko‘ra, ularning hech biri halok bo‘lmagan.
Delta Airlines vakillarining aniqlik kiritishicha, parvoz DA kompaniyasining shtab-kvartirasi Minneapolisda joylashgan Endeavor Air shu’ba tuzilmasi tomonidan amalga oshirilgan.
Odamlar ag‘darilgan samolyotdan o‘zlari chiqib ketgan
Guvohlar tomonidan e’lon qilingan aeroportdan olingan fotosuratlar va videolarda samolyotdan tutun ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin. Biroq jiddiy yong‘in qayd etilmagan. Mahalliy politsiya matbuot kotibi Sara Pattenning Reuters agentligiga aytishicha, bortdagi odamlarning o‘zlari ag‘darilib ketgan kemadan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
«Aviafalokat yuz berdi. Biroq, hozircha biz uning atrofidagi holatlarni bilmaymiz. Mening tushunishimcha, yo‘lovchilarning aksariyati samolyotdan sog‘-omon tushib ketgan, biroq biz hali ham buni tasdiqlashga harakat qilmoqdamiz, shuning uchun ham voqea joyida tergov davom etmoqda», — dedi konstebl.
Ommaviy axborot vositalari Torontoda so‘nggi kunlarda noodatiy darajada kuchli qor yog‘ganiga e’tibor qaratmoqda. Shunday qilib, mahalliy aeroport hududida atigi bir hafta ichida 53,6 sm yog‘ingarchilik qayd etildi — bu so‘nggi uch oydagi jami yog‘ingarchilikdan ko‘p.
Mavzuga oid

23:54 / 21.04.2025
Orlandoda yo‘lovchi samolyotida yong‘in chiqdi

16:53 / 11.04.2025
Vashingtonda bortida kongressmenlar bo‘lgan ikki samolyot to‘qnashib ketdi

23:36 / 26.03.2025
Alyaskada samolyot muzlagan ko‘l ustiga quladi. Uning ichida bo‘lgan oila 12 soatdan keyin qutqarildi

15:47 / 26.03.2025