Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Besh daqiqa”: Heminguey bilan sukutni buzamiz
“Besh daqiqa” bu – haftalik videoloyiha. Har bir sonida bitta asarni muhokama qilamiz. Maqsad faqatgina kitobni targ‘ib qilish emas, balki u orqali hayotni anglash, tafakkur qilish, dunyoga ma’rifat ko‘zi orqali qarashga intilishdir.
Kitob o‘qishni qayta qadrlash, undagi ma’nolarni hayot bilan bog‘lash – biz uchun eng muhim vazifa.
Bugun siz bilan muhokama qiladiganimiz – Ernest Hemingueyning “Chol va dengiz” asari.

Ernest Heminguey – XX asr jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri. U nafaqat yozuvchi, balki jangchi, sayohatchi va mahoratli jurnalist sifatida ham tan olinadi. Har bir asarida hayotning og‘riqli, chuqur haqiqatlari bor.
Uning uslubi kam so‘zlaydi va ko‘p ma’no beradi. Ayniqsa, “Chol va dengiz” ana shu uslubning yorqin namunasi.
Bu asar 1952 yili chop etilgan. Oradan bir yil o‘tib, Pulitser mukofoti, 1954 yilda Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. Nobel bu asarni "inson ruhining yuksak ifodasi" sifatida baholadi.
85-kuningizni kutyapsizmi?
Asarning bosh qahramoni Santyago ismli chol. U Kuba qirg‘og‘idagi kichik qayiqda baliq ovlardi. Yolg‘iz va muhtoj inson. 84 kundan beri birorta baliq tutolmagan. Ammo 85-kuni u yana dengizga chiqadi.
O‘sha kuni u ulkan marlin balig‘i bilan to‘qnashadi va afsonaviy kurashini boshlaydi. Baliq osonlikcha taslim bo‘lmaydi, chol ham bo‘sh kelmaydi. Ularning kurashi ikki kun davom etadi. Oxir-oqibatda chol baliqni yengadi. Uyga qaytar chog‘ida esa dengizdagi akulalar hujumiga uchraydi. Yirtqichlar baliqni bo‘lak-bo‘lak qilib yeydi. Qirg‘oqqa yetib kelganda esa, ulkan baliqdan faqat suyak qolgan edi.
Asarning asosiy g‘oyasi inson mag‘lub bo‘lishi mumkinligi, ammo uni butunlay tor-mor etib bo‘lmasligi haqida. Hech qanday nutqda bu ibora aytilmasa-da, matndagi har bir harakatda bu mazmun yaqqol ko‘rinadi.
Biz ham qayiqdamiz...
“Chol va dengiz” bu – faqat baliqchilar hikoyasi emas. Bu har bir insonning hayotdagi kurashi.
Har birimiz qayiqdamiz. Har birimiz o‘z "85-kunimiz"ni kutyapmiz - imkoniyat keladi va u bilan birga sinov ham keladi.
Biz orzu qilamiz, kurashamiz, yetishamiz va ba’zan - qo‘limizda hech narsa qolmaydi. Lekin kurashlar ortidan katta tajriba, anglangan haqiqatlar, o‘zlikni yo‘qotmaslik yo‘lidagi xulosalarimiz bizda qoladi.
Santyago o‘z balig‘ini akulalardan omon saqlab qololmadi. Dushmanlar qahramonning mukofotini bo‘lak-bo‘lak qilib olishdi. Shunisi aniqki, chol o‘z sha’nini saqlab qoldi, haqiqatini isbotlay bildi.
Asarda inson qadri, sabr-matonati - shu qadar chuqur tasvirlanadiki, o‘qib, o‘zingizni qayiqda his qilasiz. Hayot qayig‘idan o‘z ulushingizni olish uchun kurashga otlanasiz, hech narsa imkonsiz emasligiga amin bo‘lasiz.
Dunyo tan olgan asar
“Chol va dengiz” yuzlab tillarga tarjima qilingan. Turli formatlarda qayta-qayta kino, teatr, multfilmlar yaratilgan.
Ko‘pgina maktab va universitetlarda bu asar majburiy o‘qitiladi. Chunki bu kitob faol hayot falsafasini o‘rgatadi.
Haqiqatga yuzlanish, og‘riqni qabul qilish, lekin o‘zingni yo‘qotmaslik. Bu orqali Heminguey bizga shunchaki kitob emas, ko‘zgu tutadi.
Asarda shunday satr bor: «Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi».
Bu gapda ulkan ma’no bor. Bu insonga berilgan ruhiy immunitet - shartlar og‘ir bo‘lishi mumkin, lekin ruhiyat kuchli bo‘lsa, inson sinmaydi.
Chol shikastlangan, charchagan, yolg‘iz, lekin – mag‘rur. Uning har bir harakatida "taslim bo‘lmaslik" hissi bor.
Akulalar - sinov...
Men uchun bu asar mag‘lubiyatdan so‘ng yana qaytib urinish haqida.
Cholning qayig‘i - hayot. Baliq - orzu. Akulalar - sinov. Yo‘qotgan bo‘lsangiz ham, harakat qilganingizni hech kim tortib ololmaydi.
Hozir, ayni shu paytda, siz qanday kurash ichidasiz? Sizga ham akulalar hujum qilyaptimi? Orzu qilishdan qo‘rqmayapsizmi? Qayta-qayta oyoqqa turishga, kurashishga tayyormisiz? Unda harakatni boshlang!
...
“Besh daqiqa”ning ilk soni shulardan iborat. Umid qilamizki, besh daqiqangizga rozi bo‘lasiz. Keyingi haftada, yana bir asar muhokamasida uchrashguncha sog‘ va omon bo‘ling.
Isomiddin Po‘latov.
Mavzuga oid

17:50 / 17.07.2025
Noshirlik faoliyatiga oid qonun o‘zgaryapti, kitoblarga senzura joriy etiladimi? – mutaxassislar bilan suhbat

19:30 / 16.07.2025
Yandex Books interfeysi endi o‘zbek tilida

20:47 / 22.05.2025
AQSh gazetasi SI tomonidan o‘ylab topilgan soxta kitoblar ro‘yxatini chop etdi

08:55 / 19.04.2025