Jahon | 23:00 / 10.03.2025
6956
2 daqiqa o‘qiladi

FXX ukrainaliklarning Rossiyaga kirishini 50 yilgacha taqiqlashni boshladi

FXX bazasi Belarus IIVniki bilan sinxronlashgani bois ukrainlar ushbu mamlakat hududiga o‘tishda ham muammolarga duch kelmoqda.

Foto: mskagency.ru

Rossiyaga kirishga urinayotgan Ukraina fuqarolariga ommaviy ravishda rad javobi berilmoqda, deb yozadi The Moscow Times.

«Otkazniki Sheremetevo» chati ishtirokchilarining yozishicha, oxirgi bir necha oyda o‘ndan ortiq odamga Rossiya hududiga kirish ruxsati berilmagan.

Anna ismli tarmoq foydalanuvchisining ma’lum qilishicha, u Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan, biroq ayolning mamlakat hududiga kirishiga 20 yil taqiq qo‘yilgan. Aleksandr va Vitaliy ismli foydalanuvchilarning yozishicha, ularning RFga kirishi 50 yilga taqiqlangan. Kirill ismli chat foydalanuvchisi esa o‘tgan hafta Rossiyaga kiritilmagani, chegarada buning sababi ham aytilmagani va unga yarim yildan keyin kelish tavsiya qilinganini yozgan.

Rossiyaga kirish taqiqlangan shaxslar bu haqida darhol xabar topmayapti va ularning pasportiga hech qanday belgi ham qoldirilmayapti. Taqiq to‘g‘risidagi ma’lumotni faqat bir necha oydan keyin Belarus IIV yoki Federal xavfsizlik xizmati (FXX) so‘rovi orqali aniqlash mumkin bo‘lmoqda. Roman Stepanov ismli viza eksperti ukrainaliklar chegarada muammoga duch kelayotganini tasdiqladi va ularga asosan 50 yilga taqiq qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Stepanovning so‘zlariga ko‘ra, Belarus IIV ma’lumotlar bazasi FXX bazasiga mos keladi va ular sinxronlashgan. Uning aytishicha, shu bois ukrainlar nafaqat Rossiyaga, balki Belarusga kirishda ham muammoga duch kelmoqda.

Rossiya hukumati 2023 yil o‘rtalarida Ukraina fuqarolarining uchinchi davlat orqali mamlakat hududiga kirishini keskin cheklab qo‘ygan. Endi ular Rossiya chegarasini faqat «Sheremetevo» aeroporti, Pskov oblastining Latviya bilan chegarasida joylashgan «Ludonka» nazorat-o‘tkazish punkti orqali avtomobilda kesib o‘tishi mumkin. Ushbu vaqtinchalik chora «yuzaga kelgan geosiyosiy sharoitda» rossiyaliklarning «xavfsizligini ta’minlashga» yo‘naltirilgan.

Mavzuga oid