Jahon | 07:57 / 10.04.2025
7100
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp tariflarining ilk kuni: investorlar dollar va AQSh obligatsiyalaridan voz kechdi, Xitoy tariflarni 84 foizga oshirdi

Donald Trampning yangi tariflari 9 aprel kuni kuchga kirdi. Mutaxassislar, odatda, bu xalqaro savdo uchun yomon yangilik ekanligiga qo‘shiladi va savdo urushining to‘liq ta’siri darhol sezilmasligi haqida ogohlantiradi.

Foto: Getty images

Flexport global logistika kompaniyasi prezidenti Sanne Manders so‘zlariga ko‘ra, yangi tariflar kuchga kirgunga qadar kemalarga yuklanmagan tovarlarga ham bu tariflar taalluqli bo‘ladi, ya’ni AQSh sari ketayotgan ko‘plab tovarlarga avvalgi qoidalar bo‘yicha tariflanadi. Ammo, Tramp avvalroq kichikroq tariflarni ham joriy qilgan va ular allaqachon kuchga kirgan.

Fond bozorlarida «Amerikani sotish boshlandi»

Yangi tariflar fond bozorlarini qulatdi. Yevropa aksiyalari savdo urushidan keyin muqarrar yuz beradigan iqtisodiy zarar kutilmalariga tushib qoldi, bu hatto obligatsiyalar bozoriga ham tarqaldi.

Umumevropa STOXX 600 indeksi ertalab 2,5 foizga tushib, oldingi kundagi barcha muvaffaqiyatlarni yo‘qqa chiqardi.

Jahon savdosidagi o‘zgarishlarga sezgir bo‘lgan Germaniyaning DAX indeksi 4 foizga tushib ketdi va Germaniya moliya vaziri Yorg Kukis mamlakat yangi iqtisodiy turg‘unlikka yuz tutishi mumkinligini aytdi.

Britaniyaning FsE indeksi 3,3 foizga, Fransiyaning Cac 40 indeksi 4 foizga kamaydi.

Energetika kompaniyalari aksiyalari narxi 3,8 foizga pasaydi, chunki neft narxi to‘rt yil ichida eng past darajaga tushib ketdi. Tog‘-kon kompaniyalari aksiyalari narxi 4 foizga kamaydi. Yirik banklarning aksiyalari narxi tushdi, treyderlar kelasi hafta Yevropa Markaziy banki tomonidan foiz stavkasi pasaytirilishini kutmoqda.

Respublikachilar partiyasining kechki ziyofatida nutq so‘zlagan Tramp barcha farmatsevtika importiga «katta» bojlar joriy etish rejalarini aytganidan keyin Yevropadagi farmatsevtika kompaniyalari aksiyalari narxi tushib ketdi.

Ilgari dori-darmonlarga tariflar kiritilmagan. Tramp farmatsevtika importi uchun soliqlarni qachon va qanchaga oshirishni rejalashtirganini aytmadi, ammo tilga olishning o‘zi kifoya edi: Britaniyaning AstraZeneca va GSK dori ishlab chiqaruvchilari aksiyalari narxi 4 foizga, Yevropaning eng qimmat Novo Nordisk kompaniyasi (Ozempic va Wegovy vazn yo‘qotadigan dori vositalari ishlab chiqaruvchisi) aksiyalari narxi 5 foizga tushib ketdi. Fransiyaning Sanofi farmatsevtika guruhi va Germaniyaning Sartorius biotexnologiya kompaniyasi aksiyalari ham shuncha yo‘qotdi.

Shu bilan birga, investorlar «Amerikani sotishni boshladi» - odatda xavfsiz aktiv hisoblanadigan AQSh davlat obligatsiyalaridan voz kechdi va jamg‘armalarni boshqa aktivlarga o‘tkazdi.

Investorlar oltin, Shveytsariya franki va yapon iyenasini afzal ko‘rmoqda, bu ikki valuta ancha past foiz stavkalari bilan qo‘llab-quvvatlanadi, ya’ni ular arzon qarz vositasi hisoblanadi.

Vaziyat pandemiya boshlanishini eslatadi, shunda investorlar Amerika bondlarini faol sotgan edi. Ularning daromadliligi 2013 yildan beri mislsiz darajaga yetdi - 30 yillik obligatsiyalar uchun 4,8 foiz. Boshqacha qilib aytganda, ularga xaridor topish uchun kelajakda misli ko‘rilmagan foyda va’da qilmoqda. Tahlilchilar hozir 759 milliard dollarlik AQSh davlat obligatsiyalariga ega Xitoy nima qilishini qiziqish bilan kuzatmoqda.

Osiyoda ham vaziyat xuddi shunday. Yaponiyaning Nikkei birjasi indeksi 3 foizga tushdi, Hongkongning Hang Seng indeksi esa taxminan shuncha yo‘qotdi. Tayvanning Taiex indeksi birdaniga 6,2 foizga kamaydi.

Xitoy va boshqa mamlakatlar tariflarga qanday javob bermoqda

Xitoy importining aksariyat qismiga hozir mislsiz 104 foiz boj joriy qilingan. O‘tgan yili AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 585 milliard dollarni tashkil qilgan. Ammo AQSh Xitoydan 440 milliard dollarlik tovar import qilgan, Xitoy esa 145 milliard dollarlik.

Xitoy taslim bo‘lmoqchi emas va AQSh bojlariga qarshi yangi choralarni tayyorlamoqda. Pekin «oxirigacha kurashishini» aytdi va Amerika tovarlariga 34 foizlik javob tariflarini joriy qildi. 9 aprel kuni esa Xitoy Moliya vazirligi Qo‘shma Shtatlardan import qilinadigan barcha tovarlarga qo‘shimcha 84 foizlik tariflarni e’lon qildi. Ular 10 apreldan kuchga kiradi.

Pekin AQSh savdo taqchilligi va «sanoatning yetarlicha raqobatbardosh emasligi» kabi muammolarni tariflar orqali hal qila olmasligi haqida bayonot berdi.

Shu bilan birga, Xitoy ikkitomonlama savdo munosabatlarini har doim «o‘zaro manfaatli» deb hisoblaganini, savdo sheriklari o‘rtasida tortishuvlarning mavjudligi tabiiy ekanligini va qarama-qarshiliklarni hal qilish uchun Vashington bilan muloqotga tayyorligini bildirdi.

«Savdo urushida g‘oliblar yo‘q», — deyiladi Xitoy Savdo vazirligi bayonotida. «Xitoy buni xohlamaydi, ammo hukumat Xitoy xalqining qonuniy huquqlari va manfaatlari buzilishiga yoki tortib olinishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi».

Xitoydan Qo‘shma Shtatlarga import qilinadigan mahsulotlarning asosiy ulushi smartfonlar, kompyuterlar, litiy-ionli batareyalar, har xil turdagi o‘yinchoqlar va o‘yin konsollaridir. Biroq, ikki davlat o‘rtasidagi savdo bu bilan cheklanmaydi: xitoyliklar amerikaliklarga mayda shuruplardan tortib suv qaynatadigan qozonlargacha sotadi.

Ko‘pgina ekspertlar dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasida avj olgan savdo urushi tezda boshi berk ko‘chaga kirib qolishini taxmin qilmoqda. Ular Trampning Amerika bozori shu qadar daromadliki, boshqa davlatlar unga kirishi uchun har qanday tarif yukiga chidashi kerak, degan ishonchiga shubha bilan qaraydi.

Xitoyga taslim bo‘lmaslik boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha oson: Amerika bozori Xitoy yalpi ichki mahsulotining atigi 2 foizini tashkil qiladi va u tayanishi mumkin bo‘lgan ulkan ichki bozorga ega, deb ta’kidlaydi iqtisodchilar. Boshqa mamlakatlarda xavfsizlik chegarasi ancha kichikroq.

Trampning tariflaridan Janubi-Sharqiy Osiyoning ba’zi davlatlari katta zarar ko‘rdi, jumladan, Vetnam (tovarlariga 46 foizlik boj joriy qilindi) va Kambodja (49 foiz).

Vetnamda Amerikaning Gap chakana kompaniyasi kiyimlarining qariyb 21 foizi, Nike krossovkalarining qariyb yarmi va Adidas krossovkalarining 39 foizi ishlab chiqariladi. Samsung ham mamlakatda sezilarli quvvatlarga ega.

Mahsulotlariga 20 foizlik boj qo‘yilgan Yevropa Ittifoqi hashamatli yaxtalar va mototsikllardan tortib apelsin sharbati va soya yog‘igacha bo‘lgan bir qator Amerika tovarlari uchun javob bojlarini muhokama qilmoqda. Ular bosqichma-bosqich joriy etiladi va prezident Tramp tomonidan mart oyida joriy etilgan Yevropa po‘lat va alyuminiy importiga dastlabki 25 foizlik bojga javobdir.

9 aprel kuni kuchga kirgan tariflarga javoban, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar AQSh tovarlariga yangi tariflar joriy etish uchun ovoz berdi. Ular 15 apreldan kuchga kiradi.

«YeI AQSh bojlarini asossiz va zararli deb hisoblaydi, bu har ikki tomon uchun ham, jahon iqtisodiyotiga ham iqtisodiy zarar yetkazadi», deyiladi Yevropa komissiyasi bayonotida. «Yevropa Ittifoqi AQSh bilan muvozanatli va o‘zaro manfaatli muzokaralar yo‘li bilan yechim topishni afzal ko‘rishini bildirdi».

Muzokaralar: Tramp boshqa davlatlar o‘zining «orqasini o‘payotganini» aytdi

Ko‘pgina davlatlar Tramp bilan tariflarni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda.

«Eng yomon qoidabuzarlar» ro‘yxatiga kiritilmagan va 10 foizlik boj bilan «qutulib qolgan» Britaniya hali ham Vashington bilan kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Bu haqda Britaniya siyosatchilari muntazam ravishda xabar beryapti, masalan, Madaniyat vaziri Liza Nendi Britaniya AQSh bilan kelishuvga erisha olishiga ishonchi komil ekanligini aytdi.

Janubiy Koreya savdo vaziri Vashingtonga bordi va boj kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Seul Xitoydan o‘rnak olishni va Amerika bilan savdo urushiga kirishishni istamayapti. Buning o‘rniga, u AQSh iqtisodiyotiga ko‘proq sarmoya kiritish va ko‘proq tovar sotib olishni va’da berib, Trampni tariflarni pasaytirishga ko‘ndirishga umid qilmoqda.

Yaponiya, Vetnam, Kambodja va Tayvan ham Tramp bilan kelishuvga erishishga umid qilmoqda.

Amerika prezidenti ham qarama-qarshilik hatto Xitoy bilan ham foydali bitimlar tuzish bilan yakunlanishiga umid qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin «kelishuvga erishmoqchi... shunchaki ular muzokarani qanday boshlashni bilmayapti».

«Sizlarga aytaman, bu davlatlar bizga qo‘ng‘iroq qilib, orqamni o‘pyapti», dedi u 8 aprel kuni Respublikachilar partiyasining kechki ziyofatida. «Ular bitim tuzish uchun o‘lishga ham tayyor».

Ba’zi iqtisodchilar bu optimizmga qo‘shilmaydi.

«Xitoyning o‘ta jiddiy javob choralari bu bosqichda kutilgan edi», dedi Oxford Economics kompaniyasi yetakchi iqtisodchisi Luiza Loo. Uning fikricha, Tramp birinchi bo‘lib taslim bo‘ladi.

«Eng yomon ssenariy - agar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo oqimlari butunlay to‘xtab qolsa. Bunda Xitoy YaIM 3 foizini yo‘qotadi», dedi Loo. «Bu yil Xitoyda buni to‘liq qoplash uchun moliyaviy mablag‘ yetarli bo‘lmasligi mumkin, ammo uzoq muddatda Xitoy tovarlari boshqa rivojlanayotgan bozorlarga kirib boradi, bu esa ta’sirni yumshatishga yordam beradi».

Mavzuga oid