Jahon | 20:54 / 14.04.2025
5785
2 daqiqa o‘qiladi

Blue Origin faqat ayollardan iborat ekipaj bilan suborbital parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi

New Shepard raketasi 105 kilometr balandlikka qadar ko‘tarildi. Ekipaj a’zolari orasida qo‘shiqchi Keti Perri va Jyeff Bezosning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Loren Sanches ham bo‘lgan.

Foto: Blue Origin

Blue Origin kompaniyasi faqat ayollardan iborat ekipaj bilan New Shepard raketasining suborbital parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, deb xabar beradi NBC News.

Qayd etilishicha, raketa Texasdagi kosmodromdan uchirilgan va to‘liq avtomatlashtirilgan parvoz qariyb 11 daqiqa davom etgan. Raketa 105 kilometr balandlikka, ya’ni Karman chizig‘i — Yer atmosferasi va kosmos orasidagi shartli chegaradan taxminan 5 kilometr yuqori ko‘tarilgan.

Ekipaj tarkibidan qo‘shiqchi Keti Perri, jurnalist va Blue Origin kompaniyasi egasi Jyeff Bezosning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Loren Sanches, inson huquqlari faoli Amanda Nguyen, aerokosmik muhandis Aysha Bou, kinoprodyusser Kerienn Flinn, CBS News radioboshlovchisi Geyl King o‘rin olgan.

Bu New Shepard’ning bortida ekipaj bilan 11-suborbital parvozi hisoblanadi. Blue Origin bu kabi parvozlarni 2021 yildan beri tashkil etib keladi. Ta’kidlashicha, bu 1963 yildan beri (Valentina Tereshkovaning birinchi parvozi) faqat ayollar ishtirok etgan birinchi parvoz hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyul oyida milliarder Jyeff Bezos shaxsan Blue Origin kompaniyasining New Shepard raketasida koinotga uchgandi. O‘shanda u bilan birga bortda uning akasi Mark, 82 yoshli uchuvchi Uolli Fank va 18 yoshli niderlandiyalik Oliver Demen bo‘lgan. Joriy yilning fevral oxirlarida esa Blue Origin kapsulasi kosmosga turistik parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirgandi.

Mavzuga oid