Xitoy Trampni o‘zaro bojlarni bekor qilishga chaqirdi
Rasmiy Pekin AQShning bojlarni qisman bekor qilish bo‘yicha harakatlarini «kichik qadam» deb atadi.

Foto: kare11.com infografikasi
Xitoy AQSh tomonidan joriy etilgan bojlarning qisman bekor qilinishiga munosabat bildirib, buni «kichik qadam» deb baholadi va prezident Donald Trampni o‘zaro tariflarni to‘liq bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Amerikaning CNBC telekanali.
«Biz AQShni xalqaro hamjamiyat va ichki aql-idrok ovozlariga quloq tutishga, o‘z xatolarini to‘g‘rilash yo‘lida katta qadam tashlashga, «o‘zaro tariflar» deb nomlangan noqonuniy harakatlarni to‘liq bekor qilishga va o‘zaro hurmatga asoslangan teng huquqli muloqot orqali ziddiyatlarni hal etish yo‘liga qaytishga chaqirmoqdamiz», — deyiladi Xitoy tomoni bayonotida.
Shuningdek, vazirlik juma kuni kechqurun e’lon qilingan ayrim texnologik mahsulotlarga nisbatan bojlardan ozod etish bo‘yicha qarorning ta’sirini baholash bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq AQSh Xitoy bilan savdo munosabatlari borasida vositachilar orqali «yumshoq muloqot» boshlagani xabar qilingan edi.
12 aprel kuni AQSh bojxona va chegara qo‘riqlash xizmati hukumat tomonidan joriy qilingan boj tariflari ta’sir etmaydigan tovarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ular sirasiga smartfonlar, noutbuklar, qattiq disklar, kompyuter protsessorlari, xotira chiplari va yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan mashinalar kiritilgan.
Mavzuga oid

18:40
Tramp agar Mask demokratlar tomoniga o‘tsa, uni jazolashga va’da berdi

18:26
Xitoydagi muhim imtihonlar paytida sun’iy intellekt ilovalari o‘chirib qo‘yildi

18:20
AQShda bortida 20 kishi bo‘lgan samolyot qulab tushdi. Barcha tirik qoldi

00:30