Go‘sht narxi oshishi: qo‘shni mamlakatlarda vaziyat qanday?
Kun.uz o‘rganishlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda go‘sht narxining oshishi nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni respublikalarda ham kuzatilyapti. Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri narxlar o‘sishini Tojikiston va O‘zbekistonda talabning ortishi bilan bog‘lagan, Qozog‘iston go‘sht uyushmasi rahbari esa buni rad etgan: unga ko‘ra, hozirgi narxlar – 2019 yilda chorva eksporti taqiqlanganining oqibati.
Kun.uz fevral oyining oxirlaridan boshlab O‘zbekistonda go‘sht narxi keskin ravishda osha boshlagani haqida maqola e’lon qilgandi. Xususan, Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, birgina mart oyida qo‘y go‘shti 9,1 foizga, mol go‘shti 8,8 foizga qimmatlagan.
Mazkur tendensiya nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni respublikalarda ham kuzatilyapti.
Qozog‘iston
Mol go‘shti narxining o‘zgarishi Qozog‘istonda ham kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Qo‘shni respublikada narxlar yil boshidan beri 5,6 foizga oshgan.
Mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov narxlar o‘sishini qo‘shni davlatlar – Tojikiston va O‘zbekistonda talabning ortishi bilan izohlagan.
Qozog‘iston go‘sht uyushmasi bosh direktori Maqsut Baktiboyev vazirning gaplariga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, narxlarning oshishiga ichki taklifning qisqarib ketgani asosiy sabab bo‘lgan.
"O‘zbekiston va Tojikistonga chorva mollari va go‘sht eksportining ta’siri haqidagi tezislar o‘z tasdig‘ini topmadi. Narx oshishining asosiy sababi taklifning qisqarishi, ya’ni mamlakatda qoramollar sonining kamayganidir", deydi Baktiboyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat 2019 yilda chorva mollarini eksport qilish taqiqlanganidan keyin yomonlashgan. Natijada qisqa vaqt ichida mol go‘shtining narxi deyarli ikki baravar qimmatlashgan.
“Birdan O‘zbekistonga eksport qiluvchilar bozorni tark etishdi, chunki to‘siq joriy qilindi. Faqat go‘shtni qayta ishlash korxonalari va shaharlarni ta’minlovchi ichki vositachilar qoldi. Bizda 8 mln bosh qoramol bor edi, ichki bozor kichik bo‘lgan sharoitda demping boshlanadi. Go‘shtni 1500-1600 tengedan sotib olishdi. Bu tannarxdan 20 foiz past. Holat 4-5 yil davom etdi. Chorvachilik bilan shug‘ullanish foydasiz bo‘lib qolgani uchun qisqa vaqt ichida 2 million bosh qoramol so‘yib yuborildi.
Hozir bizda chorva kam, go‘sht yetishmasa xaridorlar fermer xo‘jaliklariga, boqish maydonchalariga boradi, go‘shtning ulgurji narxi 3000 tenge. Chakana narxlar 4000 tengega yetadi. Ular Belarusdan go‘shtni 2800 tengedan olib kelishni boshladi”, dedi u.
Mavjud vaziyatdan chiqish uchun Maqsut Baktiboyev “bir kunda joriy qilinadigan har qanday cheklovlarni qonun bilan taqiqlash” va “fermerlarga kompensatsiya to‘lashning qat’iy mexanizmini belgilash”ni taklif qildi. Shuningdek, u O‘zbekistonga hech qanday taqiq va kvotalarsiz eksport qilishga ruxsat beriladigan miqdorni belgilashni so‘radi.
Umumlashtirib aytganda, eksport cheklovlari fermerlar daromadlarining kamayishiga va chorvachilikka sarmoyalarning qisqarishiga olib kelgan. Oqibatda chorva mollari sonining qisqarishi yuz bergan.
Ayni paytda Qozog‘istonning markaziy shaharlarida go‘sht o‘rtacha 3500-4000 tenge (88-100 ming so‘m) oralig‘ida sotilyapti.
Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston
Qirg‘izistonliklar ham go‘sht narxining daromadlarga nisbatan yuqoriligini ta’kidlab kelishadi. Xususan, o‘tgan yilning oktyabr oyida mamlakatda go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq ham joriy etildi. Narxning keskin ko‘tarilishi ushbu mahsulotning O‘zbekistonga eksporti ortishi bilan bog‘langandi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, bugungi kunda Bishkekda 1 kg go‘shtning bahosi 677 somni (100 ming so‘m), Batkenda esa 650 somni (96 ming so‘m) tashkil etadi.
Turkmanistondagi narx-navo haqida aniq ma’lumot olish qiyin. “Xronika Turkmenistana” nashrining mart oyida yozishicha, mamlakatda 1 kg go‘shtning narxi 70-75 manatgacha (258-277 ming so‘m) qimmatlashgan.
Tojikistonda ham narxlar ko‘tarilgan. Mart oyi boshidagi raqamlarga ko‘ra, Dushanbeda import mol go‘shtning bir kilogrammi 75 somoniydan (90 ming so‘m), mahalliy suyakli mol go‘shti 90 somoniydan (107 ming so‘m), lahm go‘sht esa 145 somoniydan (173 ming so‘m) sotilyapti. Asia-Plus’ning qayd etishicha, narxlar oshib borayotgan bir sharoitda import qilinadigan mahsulotlar xaridorlar uchun muqobilga aylanib boryapti. Ayniqsa Qozog‘istonda ham narxlarning qimmatlashgani fonida Belarus go‘shtiga talab ortgan.
Global miqyosda ham narxlar oshgan
Go‘sht narxining oshishi global bozorlarda ham kuzatilyapti. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) mol go‘shti narxlari indeksi mart oyida 132 punktdan oshgan. Bu – oxirgi 33 oydagi eng baland ko‘rsatkich.
Numbeo tahliliy portali ma’lumotlariga ko‘ra, 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi possovet mamlakatlarida quyidagicha:
- Armaniston – 11,84 dollar;
- Ozarboyjon – 9,88 dollar;
- Rossiya – 9,59 dollar;
- Gruziya – 9,45 dollar;
- Moldova – 8,47 dollar;
- O‘zbekiston – 8,17 dollar;
- Qirg‘iziston – 7,69 dollar;
- Tojikiston – 7,56 dollar;
- Qozog‘iston – 7,17 dollar;
- Belarus – 6,95 dollar;
- Ukraina – 6,62 dollar.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz maqolasida O‘zbekistonda go‘sht narxi ko‘tarilishiga olib kelayotgan omillar sanab o‘tilgandi.
Mavzuga oid

13:04
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

09:10
Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi birinchi forumi o‘tkaziladi

23:20 / 23.04.2025
Lavrov: Rossiya YeIning Markaziy Osiyoda hukmronlik o‘rnatishga bo‘lgan urinishlariga qarshi

19:01 / 23.04.2025