Xitoy AQSh Milliy xavfsizlik agentligining uch nafar xodimini hibsga olishga order berdi
Ular Harbinda o‘tkazilgan IX qishki Osiyo o‘yinlarining muhim tizimlariga kiberhujumlar uyushtirishda gumonlanmoqda.

Foto: Bloomberg
Harbin politsiyasi uch nafar AQSh fuqarosiga nisbatan qidiruv e’lon qilib, ularni hibsga olishga order berdi. Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, ular Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) xodimlari bo‘lib, fevral oyida Harbinda o‘tkazilgan IX qishki Osiyo o‘yinlarining muhim tizimlariga kiberhujumlar uyushtirilishiga aloqador. Bu haqida Harbin jamoat xavfsizligi munitsipal boshqarmasi bayonotiga tayanib South China Morning Post xabar berdi.
Idora qidiruvga berilgan amerikaliklar ismini e’lon qilgan: Ketrin E. Uilson, Robert J. Snelling va Stiven U. Jonson. Harbin politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar MXAning kompyuter operatsiyalari bo‘limida (S32) ishlaydi va «muhim axborot infratuzilmalari va Huawei kabi kompaniyalarga uyushtirilgan kiberhujumlarda bir necha bor ishtirok etgan».
Ta’kidlanishicha, kiberhujumlar yopiq ma’lumotlarni saqlash tizimlari, jumladan, musobaqa ishtirokchilarini ro‘yxatga olish, sportchilarning shaxsiy va to‘lov ma’lumotlari saqlangan tizimlarga ta’sir qilgan.
Idoraning aniqlik kiritishicha, kiberhujumlarning eng yuqori nuqtasi 2025 yil 3 fevral sanasiga — birinchi hokkey uchrashuvi o‘tkazilgan vaqtga to‘g‘ri keladi. Gumonlanuvchilar yoki ular joylashgan hududga oid boshqa hech qanday qo‘shimcha ma’lumotlar keltirilmagan. Shu bilan birga, idora gumonlanuvchilarni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumotlar uchun mukofot va’da qilgan.
Mavzuga oid

15:38 / 26.04.2025
Trampning yangi rejasi, Putinning sulhi, Kiyevning talablari - Geosiyosiy hafta tahlili

13:54 / 26.04.2025
G‘arbiy sohildagi quvg‘inlar, Falastin uchun kurashayotgan Harvard va portlatilgan rus generali - kun dayjesti

12:04 / 26.04.2025
AQSh 18 davlat bilan savdo muzokaralari rejasini tayyorladi

11:31 / 26.04.2025