O‘zbekiston | 15:06 / 16.04.2025
1280
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Huquqshunoslik universiteti O‘zbekistonda o‘z kampusini tashkil etishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning Huquqshunoslik universiteti (University of Law) prorektori, professor Piter Krisp bilan muzokara o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

Uchrashuvda mazkur universitet va O‘zbekiston oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, ikki tomonlama diplom berish dasturini amalga oshirish, Huquqshunoslik universitetining ta’lim va o‘quv dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Prorektor Piter Krisp O‘zbekistonga bir necha bor bo‘lganini, qolaversa mintaqa bilan yaqindan tanish ekanini ma’lum qildi. U O‘zbekistonda Britaniya ta’lim standartlarini joriy etishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Muloqot davomida shu yil 29-30 may kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IV International Legal Forum - Tashkent Law Spring tadbiri to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishda hamkorliklarni jadallashtirishga kelishib olindi.

University of Law 1903 yilda huquqshunoslik instituti sifatida tashkil etilgan. 2012 yilda esa universitet maqomi berildi. Hozirgi kunda ushbu ta’lim muassasasida 16 ming nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Muassasada salkam ikki ming professor-o‘qituvchi va mutaxassislar faoliyat yuritadi. Unda huquqshunoslik yo‘nalishlari bilan birga, biznes boshqaruvi sohalarida ham saboq beriladi. Universitetning Germaniya va Hongkongda o‘z filiallari bor.

Mavzuga oid