O‘zbekiston | 19:44 / 16.04.2025
8143
6 daqiqa o‘qiladi

Kasanachi oilalarning 5 yillik mehnatini tortib olishmoqchi. Oilalar haq-huquqi uchun kurashmoqda

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida kasanachi ayollarga 5 yil avval 25 gektar yer bo‘lib berilgan, oilalar u yerda 100 mingdan oshiq tut o‘tqazishgan, endi esa tutzor "kimgadir" kerak bo‘lib qoldi... Jinoyat alomatlari ko‘zga tashlangan mazkur holat prokuratura tekshiruviga muhtoj.

“2020 yil 21 iyun qarori bilan sobiq hokim Abbos Mirziyoyev tomonidan tut-ko‘chat o‘tqazish uchun yer ajratilgan bizga, – deydi biz bilan suhbatda kasanachilarning biri. – Oilaviy pudrat bo‘lib, mana shu yerda ishlab keldik, o‘n besh xo‘jalik. O‘z pulimizga tut-ko‘chatlarni olib kelib, o‘zimiz ekkanmiz. Pilla shartnomalarini bajarib kelyapmiz. Yaqinda eshitdik – yerlarimizni auksionga qo‘yishibdi, bizdan tortib olinib, kimoshdi savdoga qo‘yilyapti. Avvaliga “ochiq maydon” deb hujjat qilishgan, holbuki tut-ko‘chat ekilgan. Keyin, biz janjal qilganimizdan so‘ng hujjatlar o‘zgartirilgan. Hokimiyatga bordik, prokuraturaga bordik, bormagan joyimiz qolmadi. Hammasi rad javobini beryapti. Na ekishimizga, na ishlashimizga qo‘yishyapti. Auksionga endi qayta – ikkinchi marta qo‘yishyapti. Bizga o‘z mehnatimiz mahsulini auksionda sotib olish taklif qilinyapti...”

“O‘z hisobimizdan 100 mingga yaqin tut ekdik, deydi boshqa bir kasanachi. – Shartnomamiz bor, shartnoma shartlarini bajarib kelyapmiz. Qarorga muvofik ekkan edik tut-ko‘chatlarni. “Yashil makonga” shartnoma qilingan. “O‘zlaring o‘ynanglar” (auksionda – tahr.) deyishyapti. O‘zimiz “o‘ynashimiz” uchun har birimizda kamida 80-100 million pul bo‘lishi kerak. Uncha pul bizda yo‘q. O‘z mehnatimizni o‘zimizga pullashmoqchi”.

“Qaynonam nogiron, shu yerda tirikchilik qilaman, – deydi kasanachi ayollardan biri. – Mana shu yerning bir gektarida tut ekkanman, pilla topshiraman. Yerdan olgan shu besh-o‘n so‘m pulga ro‘zg‘or qilaman. O‘zim kundalik ishga chiqaman. Qanday qilib men bir gektarni auksionda yutib olaman? Niyatimiz – yerlar shu auksionga qo‘yilmasdan, pilla sanoati korxonasiga o‘tkazib berilishini istaymiz. Shuning uchun kurashyapmiz. Bormagan joyimiz qolmadi. Hokimiyatga, prokuraturaga bordik, Toshkentga bordik.

“Bu yerlar dastavval fermer xo‘jaligining yeri bo‘lgan, – deydi Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov. – 2019 yilda hukumatning 14-sonli qarori bilan o‘tkazilgan maqbullashtirish jarayonida nohaqlik qilingani uchun, fermer nohaqlik qurboni bo‘lgani uchun biz bu fermer xo‘jaligini himoya qildik va uni tikladik, yerini o‘ziga qaytartirganmiz. Hokimning qarori haqiqiy emas deb topildi. Fermer dalasiga kirsa, tut ekilgan. Gap shundaki, Bo‘ka hokimining 25 mart 2020 yilda 321-sonli qarori bilan tuman pilla korxonasiga ikki yuz gektar yer maydoni ajratib berilgan. Shu ikki yuz gektar yer maydoni himoyamizdagi fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan konturlarni o‘z ichiga olgan. Bu yerga tut ko‘chatlari ekilgan. Chunki Bo‘ka tumanida tutzor tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.

Prezident qarori ijrosini ta’minlash uchun ishchi guruh shakllantiriladi. Respublika bo‘yicha har bir tuman hokimlariga tutzorlar tashkil qilish, pillachilikni rivojlantirish yuklatilgan. Ishchi guruh ishni to‘g‘ri tashkil qilgan, biroq uni chetlab o‘tib, g‘irromliklarga yo‘l boshlangan. G‘irromliklar nimadan iborat bo‘lgan? Bir hafta o‘tgandan keyin, tuman agro-pilla kengashi rahbari Roziqovaning imzosi ostida (aslida bu imzo Roziqovaga tegishli ekaniga shubha bor) xat kiritilgan. U yerda “2020 yil 25 mart kuni qabul qilingan 321-son qarorning ikkinchi ilovasida keltirilgan ro‘yxatni haqiqiy emas deb topishingizni va ilovani qayta tasdiqlashingizda amaliy yordam berishni so‘rayman” deyapti. Qarangki, pilla korxonasi rahbari, tutzorlarni ko‘paytirish, pillachilikni rivojlantirish uchun ikki yuz gektar yer maydonini olgan pilla korxonasi rahbari shu – ikkinchi ilovani haqiqiy emas deb topishni so‘rayapti... Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Mabodo ro‘yxat noto‘g‘ri shakllantirilgan taqdirda ham 321-sonli qarorning ikkinchi bandi bo‘yicha, ishchi guruhi tashkil qilinishi kerak edi. Prezident qarori ijrosini ta’minlash vaqtida ishchi guruh tuzish talab etiladi. Bu ishchi guruhning yuritmalaridir.

Men bu yerda korrupsiya alomati bor deb o‘ylayman. Tuman hokimi qarori bir haftadan keyin oddiygina xat bilan o‘zgartirib ketishi mumkinmi? Yo‘q, o‘zgarib ketishi kerak bo‘ladigan bo‘lsa, prezident qaroridan kelib chiqqan ishchi guruh xulosasi bo‘lishi kerak edi. Tumanda tashkil qilingan ikki yuz gektar yerni bir yuz ellik gektarga tushirish uchun ishchi guruh xulosasi ahamiyat kasb etishi kerak. Bittagina xatdan kelib chiqib, ro‘yxat o‘zgartirilgan. Bu yerda prokuratura shug‘ullanishi kerak.

Mana endi to‘rt-besh yil davomida tutzor barpo qilib kelgan oddiy kasanachi oilalarning rizqini qirqishmoqchi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid