Jahon | 21:20 / 16.04.2025
5717
3 daqiqa o‘qiladi

TIME dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatini e’lon qildi

Amerika jurnali Tramp, Vens, Mask va Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’ani ro‘yxatning «yetakchilar» toifasiga kiritdi.

Foto: Getty images

TIME jurnali tomonidan har yili tuziladigan dunyodagi eng nufuzli 100 kishi reytingi e’lon qilindi.

«Yetakchilar» toifasiga AQSh prezidenti Donald Tramp, vitse-prezidenti Jyey Di Vens, SpaceX asoschisi Ilon Mask va savdo vaziri Govard Lyutnik kiritildi. Shuningdek, ushbu toifadan Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers, Argentina prezidenti Xayver Miley va Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmed ash-Shar’a ham o‘rin oldi. Vladimir Putin yetakchilar qatorida yo‘q.

Tramp haqidagi maqolada «hech bir boshqa zamonaviy prezident AQSh hukumatini Donald Tramp kabi qat’iyat bilan o‘z nazoratiga olmagan», deyiladi. «U kompaniyalar va universitetlarga inklyuzivlik dasturlarini yopish uchun bosim o‘tkazib, Amerika madaniyatini o‘ng tomonga burishga urinmaganida, Grenlandiyaga bostirib kirish va Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni to‘xtatish tahdidi bilan AQSh ittifoqchilarini qo‘rqitayotgan edi. Uning qolgan prezidentlik muddati esa mamlakatni va butun dunyoni qay darajada egib, sindirish darajasigacha olib bora olishini ko‘rsatadi», — deb yozadi Time muxbiri Brayan Bennet.

Ro‘yxat jami olti toifaga ajratilgan. TIME san’at arboblari toifasiga qo‘shiqchi Ed Shiran va aktrisa Skarlett Yohanssonni kiritgan. «Kumirlar» bo‘limida aktyorlar Demi Mur va Edriyen Broudi, shuningdek, turmush o‘rtog‘i noma’lum shaxslar bilan 10 yil davomida zo‘rlab kelgan fransiyalik ayol Jizel Peliko ham bor.

Tennischi Serena Uilyams, gimnastika bo‘yicha bir necha karra Olimpiada chempioni Simon Bayls va Meta asoschisi Mark Tsukerberg esa «titanlar» toifasiga kiritildi.

TIME 100 ro‘yxati Amerikaning TIME jurnali tomonidan 1999 yilda ta’sis etilgan. Unga «San’atkorlar», «Kumirlar», «Kashshoflar», «Titanlar», «Innovatorlar» va «Yetakchilar» toifalari bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli odamlar kiritiladi. O‘tgan yili «Yetakchilar» toifasiga rossiyalik marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya kiritilgan edi.

Mavzuga oid