Jahon | 19:04 / 17.04.2025
3536
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda samolyot dvigatelga yovvoyi quyon kirib ketishi sabab favqulodda qo‘ndirildi

United Airlines’ga tegishli samolyot Denverdan Edmontonga uchayotgan bo‘lgan. Parvoz vaqtida dvigatellarning birida yong‘in chiqqan. Aniqlanishicha, bunga dvigatelga yovvoyi quyon kirib ketgani sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Denverda (Kolorado shtati) United Airlines aviakompaniyasi samolyoti dvigatellardan biriga yovvoyi quyon kirib qolishi tufayli favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi, deb xabar beradi ABC News telekanali.

Qayd etilishicha, Denver—Edmonton reysini amalga oshirayotgan havo kemasi bortida 153 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Boeing 737-800 havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay samolyot dvigatellardan biri yonib ketgan, natijada ekipaj aeroportga qaytish qarorini qabul qilgan.

Aniqlanishicha, yong‘inga dvigatel tortib yuborgan quyon sabab bo‘lgan. United Airlines’ning ma’lum qilishicha, samolyot «yovvoyi hayvonlarning ehtimoliy hujumi» muammosini hal etish uchun Denverga qaytarilgan. Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilardan hech kimga zarar yetmagan, ular Edmontonga boshqa reys bilan yuborilgan.

AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi holat yuzasidan tergov boshlagan. Idoraning aniqlik kiritishicha, mazkur voqea quyonlarning turbinaga kirib ketishi bilan bog‘liq to‘rtinchi holatdir.

Bundan oldin xalqaro reysni amalga oshirayotgan United Airlines samolyoti uchuvchi pasportini unutib qoldirgani sabab ortga qaytishga majbur bo‘lgandi. Ushbu xatolik sabab aviakompaniya uch soatga yetadigan yonilg‘ini ortiqcha sarflagan va ikkita ekipaj xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lashga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid