Jahon | 16:36 / 17.04.2025
9727
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu yigit bolta olib chopyapti» – Bayden prezidentlikdan ketgach ilk marta chiqish qildi

Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, bir necha kun avval «Jo Bayden qayerda?» degan video e’lon qilib, demokrat Tramp prezidentlikka kirishganidan keyin ommaviy chiqish qilmay qo‘ygani haqida gapirgandik. 15 aprel kuni Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ilk marta ommaviy chiqish qildi. Videoda demokrat nutqida nimalar deganiga to‘xtalamiz.

100 kunlik «yubiley»

Amerikada biror prezident Oq uy rahbari sifatida ish boshlagach, dastlabki 100 kundan keyin uning ishlari sarhisob qilinadi. Bu o‘ziga xos ramziy kun hisoblanadi. 100 kunlikda prezident katta intervyu beradi, nimalar qilgani, dastlabki islohotlari haqida uni saylagan amerikaliklarga hisobot beradi. Jo Baydenning ilk ommaviy chiqishi ham aynan Trampning 100 kunligi davriga to‘g‘ri keldi.

Jo Bayden yarim soatlik nutqi davomida Trampni tanqid qildi va qizig‘i biror marta uning nomini tilga olmay «u yigit» deb gapirdi. Balki Bayden siyosiy raqiblarini ismi bilan atamaslikni Vladimir Putindan o‘rgangandir.

Demokrat prezidentlikdan ketganidan keyingi ilk nutqini Chikagodagi advokatlar, maslahatchilar va nogironlar vakillarining milliy konferensiyasida so‘zladi. Uning nutqi demokratlar ijtimoiy himoya kuni aksiyasi o‘tkazishga da’vat qilayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

Bayden Tramp AQShdagi millionlab odamlar hayotiga ta’sir qiladigan ijtimoiy himoya dasturlarini «bolta olib chopayotganini» qoraladi: «100 kun ham bo‘lmay yangi ma’muriyat shunchalik ko‘p zarar keltirdiki, ular ijtimoiy ta’minot xodimlarini «bolta bilan chopishyapti», dedi Bayden.

Demokratlar oxirgi vaqtlarda Tramp ma’muriyati 73 milliondan ortiq amerikaliklarga ijtimoiy yordam ko‘rsatib keladigan agentlik faoliyatini cheklashga urinayotganiga e’tibor qaratmoqda. Tramp milliarder Ilon Maskning DOGE agentligiga budjet xarajatlarini qisqartirishni buyurgach, ular xalqaro loyihalardan tashqari amerikaliklarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladigan loyihalarni ham cheklashni boshlagan. Xususan, Mask sud noqonuniy deb topganiga qaramay qariyalar va nogironlarga yordam puli beradigan tashkilot xodimlarining shaxsiy ma’lumotlar bazasiga kirish huquqini qo‘lga kiritib, ularni qisqartirishni boshlagan.

 «Endi tasavvur qiling, siz yolg‘iz yashaydigan nafaqaxo‘r bo‘lib, faqat ijtimoiy himoyaga bog‘lanib qolgan bo‘lsangiz, qanday holatga tushasiz? AQSh tarixida ilk marta ijtimoiy yordam kechikishi yoki butkul bekor qilinishi mumkin. Ruzvelt bu loyihani ishlab chiqqach 90 yildan buyon muhtojlar urushga, pandemiyaga qaramay ijtimoiy yordam olib kelgan. Va endi buni o‘zgartirishmoqchi. Bu millionlab oilalar uchun halokatli bo‘ladi. Ijtimoiy himoya bu shunchaki davlat dasturi emas, bu bizning millat sifatida bergan muqaddas va’damizdir. Biz bunday tarqoq millat kabi davom etishimiz kerak emas», dedi Bayden.

«O‘zlarini kim deb o‘ylashyapti?»

Demokratning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati ijtimoiy himoya sohasidagi 7 mingdan ortiq odamni ishdan bo‘shatgan va yana minglab odamlarga chiqish eshigi ko‘rsatiladi.

Ilon Mask ijtimoiy himoya agentligi yordam puli bergan odamlar orasida 300 yoshli amerikaliklar ham bo‘lgani, juda ko‘pchilik shunday soxta hujjatlar yordamida pul olganini aytgandi. Bayden bu voqea haqida kulib gapirdi. «Darvoqe, 300 yoshga kirgan o‘sha odamlar bilan uchrashmoqchiman. Jin ursin, og‘ayni», deb Maskka murojaat qildi Bayden.

AQSh yangi savdo vaziri Hovard Lutnik yordam puli tushmasa qaynonasi xafa bo‘lmasligi haqida gapirgandi. Bayden vazirni ham ismini aytmay tanqid qildi. «Jin ursin, ular o‘zlarini kim deb o‘ylashyapti o‘zi?» dedi sobiq prezident ijtimoiy himoyani qisqartirishga intilayotgan Kongressdagi respublikachilarni tanqid qilarkan.

Avvalroq Jo Bayden Demokratik partiya oyoqqa turishi uchun ommaviy chiqishlarga qaytishga, partiya uchun pul to‘plashga tayyorligi aytilgandi. Uning prezidentlikdan ketganidan keyingi ilk chiqishi partiya tashabbuslari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganiga qaraganda 82 yoshli Bayden chindan yana katta sahnalarga qaytishi mumkin.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid