«Menga bu medal va qog‘ozlarning keragi yo‘q» – Washington Post Sumiga raketa zarbasi kunidagi taqdirlashda qatnashgan harbiylar bilan gaplashdi

Yehor Kryvoruchko / Kordon.Media / Global Images Ukraine / Getty Images
The Washington Post jurnalistlari 13 aprel kuni Sumi shahrida harbiy xizmatchilarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan ukrainalik harbiy, 38 yoshli Oleksandr bilan gaplashdi. Ushbu marosim chog‘ida Rossiya qo‘shini shahar bo‘ylab raketa zarbasi yo‘llagandi. Oleksandrning so‘zlariga ko‘ra, marosim Sumi universiteti binosi yerto‘lasida o‘tkazilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida 35 kishi halok bo‘lib, qariyb 130 kishi jarohatlangan.
Marosimda Oleksandr xizmatni o‘tayotgan 117-brigada harbiylari ham ishtirok etgan. Rossiya zarbasi vaqtida harbiylar yer ostida xavfsizlikda bo‘lishgan. Oleksandrning aytishicha, ichkaridagilardan hech kim jabrlanmagan. Zarba vaqtida Oleksandrning rafiqasi va farzandlari ko‘chada bo‘lgan. Uning olti yoshli o‘gay qizining o‘pka qismiga oskolka kelib tekkan.
Jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Oleksandr bunday marosim o‘tkazilishini mas’uliyatsizlik va keraksiz harakat deb atagan — Rossiya chegarasidan 30 kilometr masofada joylashgan shahar kuchli havo hujumidan mudofaa tizimiga ega emas va muntazam ravishda hujumlarga duchor bo‘ladi. Ukrainalik askar Belgorod oblastidagi janglarda qatnashgani va uni taqdirlash marosimi uchun Sumiga chaqirib olishganini aytgan. Oleksandrning aytishicha, bu uning g‘azabini qo‘zitgan.
«Bu medallar va qog‘ozlar menga kerak emas. Men barcha rus askarlarini o‘ldirib, tinch hayotga qaytmoqchiman», – deydi u The Washington Post gazetasiga qizi davolanayotgan shifoxonada bergan intervyusida. Oleksandr tinch aholining o‘limi uchun Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Volodimir Artyuxni «100 foiz javobgar» deb hisoblaydi.
The Washington Post nashri yozishicha, zarba kuni Sumi shahrining madaniyat markazi va davlat universiteti joylashgan markaziy qismi odamlar bilan gavjum bo‘lgan, chunki bu «dastlabki chinakamiga bahoriy dam olish kuni» va Pasxadan oldingi oxirgi yakshanba edi. Harbiylarni taqdirlash marosimi universitet yerto‘lasida ertalab soat 10 da boshlangan. Ko‘p o‘tmay shahar markaziga Rossiyaning ikkita raketasi uchib kelgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bergan ma’lumotga ko‘ra, ulardan birinchisi universitet binolaridan biriga tushgan, ikkinchisi ko‘cha ustida portlagan.
Ukraina rasmiylari Sumi shahrida harbiylarni taqdirlash marosimi o‘tkazilganini rasman tasdiqlamadi. Ammo ukrainalik ayrim siyosatchilar zarbadan keyingi dastlabki soatlardayoq bu haqda e’lon qilishgandi. Xususan, Sumi oblastining Konotop shahri meri Artem Semenixin rossiyalik harbiylar Volodimir Artyux bilan kelishilgan va tashkil etilgan 117-hududiy mudofaa brigadasi harbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tayotgan paytda Sumini o‘qqa tutganini aytdi. Keyinroq Artyuxning o‘zi Sumi shahri markaziga raketa hujumi uyushtirilgan kuni shaharda ukrainalik harbiylarni taqdirlash rejalashtirilgan bo‘lganini tan oldi. «Bunda mening tashabbusim yo‘q edi. Meni taklif qilishgandi», – dedi u. 15 aprel kuni Ukraina hukumati Artyuxni Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari lavozimidan bo‘shatishga rozilik bergani ma’lum bo‘ldi. Biroq hozircha Ukraina prezidentining tegishli farmoni e’lon qilinmadi.
14 aprel kuni Rossiya mudofaa vazirligi o‘z qo‘shini Sumi shahri bo‘ylab «Iskander-M» rusumli ikki raketa bilan zarba yo‘llaganini tasdiqladi. Rossiya harbiy idorasiga ko‘ra, zarba nishoni Ukraina qurolli kuchlarining «Seversk» operativ-taktik guruhining qo‘mondonlik tarkibi yig‘ilish o‘tkazayotgan joy bo‘lgan. Vazirlik zarba natijasida 60 dan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini bildirdi. Xabarda shuningdek «Kiyev rejimi harbiy obektlarni aholi zich joylashgan shahar ichida joylashtirib, shahar markazida harbiy xizmatchilar ishtirokida marosimlar o‘tkazgan holda Ukraina aholisidan jonli qalqon sifatida foydalanish»da davom etayotgani aytilgan.
The Washington Post Rossiya mudofaa vazirligining ukrain harbiylari orasidagi qurbonlar haqidagi ma’lumoti tasdiqlanmagani, Sumidagi shifoxonalar tinch aholi vakillari bilan to‘lgani, qabristonlarda esa faqat tinch aholi vakillarining dafn marosimlari o‘tkazilayotganini qayd etgan.
Mavzuga oid

15:26 / 24.04.2025
Rossiya qo‘shini Kiyevga raketa zarbasi yo‘lladi. Qurbonlar bor, o‘nlab kishilar yaralangan

21:20 / 16.04.2025
Ukraina dronlari Shuyaga hujum qildi. Bu yerda Sumiga raketa zarbasi yo‘llagan brigada joylashgan

15:56 / 16.04.2025
Frontdagi vaziyat: Rossiya armiyasi Sudja uchun jangdan keyingi ilk katta yurishini boshladi

13:06 / 16.04.2025