Namanganda “biznes”ga aylanayotgan “yezda” va halok bo‘layotgan bolalar: mas’ullar nazoratni yo‘qotdimi?
Namanganda yana o‘quvchilar ijaraga olingan mashinada YTHga uchradi. Mashinasini bir necha soatga ijaraga berish orqali oson pul topayotganlar bu noqonuniy ishini hammaning ko‘z o‘ngida qilmoqda. Viloyat IIB va YHXB mas’ullari esa negadir ularga nisbatan jiddiy chora ko‘rolmayapti.

Foto: Kun.uz
Yana Namangan
Namanganda yana maktab o‘quvchilari “avariya”ga uchradi. YTH 15 aprel kuni sodir bo‘lgan.
Tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, maktab o‘quvchilari Spark mashinasini bir necha soatga ijaraga olishgan va YTHga uchrashgan. Videolavhada hodisa joyiga tez yordam xodimlari yetib borgani, jarohat olgan bolalarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatayotganini ko‘rish mumkin.
Holatni tasvirga olgan shaxs bolalar mashinani Telegram’dagi “Namangan yezda moshina” guruhidan ijaraga olganini aytgan va mas’ullardan bunga chora ko‘rishni so‘ragan. Viloyat YHXB axborot xizmati hozircha holat yuzasidan rasmiy axborot bermagan.
Halok bo‘layotgan bolalar
Namanganda o‘quvchilar ijaraga olingan mashinada YTHga uchrashi holatlari ko‘paymoqda. Buning oqibatida og‘ir tan jarohati olganlar, halok bo‘lgan bolalar bor.
Jumladan, 2025 yil 2 aprelda Davlatobod tumanida 9-sinf o‘quvchilari 220 ming so‘mga ijaraga olingan Nexia’da ayanchli YTHga uchradi: avtomobil yuk mashinasi bilan to‘qnashgan va o‘smirlar og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan birida bosh miyasi va jag‘ suyagi sinishi, boldir suyaklari sinishi ham kuzatilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, maktab o‘quvchilariga mashinani ijaraga bergan fuqaroning o‘zi ham avtomobilni ijaraga olgan bo‘lgan. Uning o‘zi o‘quvchilardan ijara uchun 150 ming so‘m olgan, o‘rtada vositachi bo‘lgan 11-sinf o‘quvchisi esa 70 ming so‘m olgan. Avtomobilni ijaraga bergan yigitning otasi va yuk mashinasi haydovchisi jamoatchilikka murojaat qilib, yosh bolalarning rulga o‘tirishiga ruxsat bermaslikni so‘ragan.
2024 yil 2 oktyabr kuni esa Namangan shahrida 5 nafar o‘quvchi ijaraga olgan Gentra’ni shaharning Marg‘ilon ko‘chasida katta tezlikda boshqarib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan. Yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tgan mashina yuk mashinasiga borib urilgan. YTH oqibatida 3 nafar o‘smir vafot etgan, 2 o‘smir og‘ir tan jarohati olgan. Gentra egasi mashinani voyaga yetmaganlarga 300 ming so‘m evaziga ijaraga bergan.
Oshkora noqonuniy “biznes”
Namangan viloyatida mashinani noqonuniy ijaraga berish oson pul topish ilinjida yurgan shaxslar uchun “biznes” darajasiga yetgan: ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar ochilib, e’lonlar oshkora joylashtirilmoqda.
Jumladan, yuqoridagi holatda o‘quvchilar Spark’ni Telegram’dagi “Namangan yezda moshina” guruhidan olgani aytiladi. Mazkur guruhda mashina ijaraga berilishi haqida ko‘plab e’lonlarni uchratish mumkin.
“Soati 120 ming so‘m”
“Namangan yezda moshina” guruhiga joylashtirilgan e’lonlarda turli rusumdagi mashinalarni uchratish mumkin. Shunday e’lonlardan biriga voyaga yetmagan mijoz sifatida murojaat qilib ko‘rdik.
Spark ijarasi bo‘yicha e’lon joylashtirgan mashina egasi “mexanika” mashinaning ijara narxi soatiga 100 ming so‘m, “avtomat”niki esa 120 ming so‘m ekanini ma’lum qildi.
Ijarachi “voyaga yetmaganimizni” bilgan holda mashinani berishga rozi bo‘ldi. Faqat birinchi martasida yonimizda o‘zi o‘tirishini qo‘shib qo‘ydi.
Afsuski, bolalar vafotiga sabab bo‘layotgan bu oshkora noqonuniy “biznes”ni viloyat mas’ullari negadir ko‘rmayapti yoki ko‘rishni istamayapti.
“Yumshoq” jazo
Namanganda bu turdagi “biznes”ning gullab-yashnashiga qonunchilikdagi yengillik ham imkon bermoqda. Negaki, mashinasini ma’lum bir mablag‘ evaziga voyaga yetmaganlarga ijaraga berish o‘lim oqibatiga olib kelganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.
Bunday harakat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi bilan malakalanadi. Unga ko‘ra, transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi 5 BHM jarimaga sabab bo‘ladi.
Aslida, voyaga yetmagan, transport vositasini boshqarishga huquqi ham, uquvi ham bo‘lmagan bolaga mashina berib yuborish arzimagan jarima bilan “suvdan quruq chiqib ketadigan” qilmish emas. Bu qotillikka sharoit yaratishday gap.
Namangan viloyati IIB va YHXB mas’ullari noqonuniy mashina ijarachilarini to‘xtatish bo‘yicha jiddiy qadam tashlamas ekan, o‘quvchilar o‘rtasida bu kabi ayanchli YTHlar yana sodir bo‘lishi, pul uchun bolalar hayotini xavfga qo‘yayotgan safi yanada kengayishi mumkin.
Mavzuga oid

13:02
Avtomobillarning noqonuniy ijarasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi

19:37 / 23.04.2025
Qashqadaryoda 14 yoshli o‘smir boshqaruvidagi Gentra YTHga uchradi. Qurbonlar bor

17:47 / 23.04.2025
Namanganda radarlar mashmashasi: kim haq?

17:24 / 22.04.2025