Falastinni tan olmoqchi bo‘layotgan Fransiya, Trampdan Putinga so‘nggi ultimatum va «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan Rossiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
HAMAS shartlari: to‘liq chiqish va tinchlik
HAMAS 16 aprel kuni Isroil bilan kelishuv faqat bir holatda — yahudiy askarlarining G‘azodan to‘liq olib chiqilishi va urushni to‘xtatish kafolatlansa amalga oshishi mumkinligini bildirdi. Guruhning bayonotida «urushni bas qilmasdan, qamal bekor qilinmasdan va qayta qurish boshlanmasdan har qanday kelishuv siyosiy tuzoqdir», deyiladi.
Rasmiy vakil Tohir an-Nunu Isroil garovda ushlab turilganlarni qo‘lga kiritishni istasa, u ham uzoq muddatli tinchlik va G‘azodan to‘liq chiqishga rozi bo‘lishi kerakligini aytdi. XAMAS delegatsiyasi Qohirada misrlik va qatarlik vositachilar bilan muzokara o‘tkazdi, biroq Reuters manbasiga ko‘ra, katta muvaffaqiyatga erishilmagan.
Aynan Tel Aviv kelishuvni buzmoqda, deydi HAMAS. Bu orada Isroil mudofaa vaziri G‘azodan chiqmaslik va u yerda harbiy postlar qurish niyatida ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, Isroil 6 haftadan buyon insonparvarlik yordamlarini ham to‘sib qo‘ygan. G‘azoda so‘nggi uch haftada 1650 dan ortiq fuqaro halok bo‘ldi.
Fransiya iyunda Falastinni tan olmoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat iyun oyida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam faqat falastinliklar uchun emas, Isroilning o‘zi uchun ham muhim bo‘lishi kerak.
«Falastinni tan olish — tinchlikka qadam. Bu yo‘lda Isroil ham manfaatdor bo‘lishi lozim», — dedi Makron.
Fransiya bu qarorni Yevropaning bir qator davlatlari bilan kelishgan holda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bunday qadam avvalroq Irlandiya, Sloveniya va Ispaniya tomonidan ham amalga oshirilgan.
Falastin rahbariyati Fransiyaning bu pozitsiyasini olqishladi va uni tarixiy qadam sifatida baholadi.
Trampdan Putinga so‘nggi ultimatum
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putindan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha javobni shu hafta oxirigacha kutayotganini ma’lum qildi.
«Juda tez orada ulardan javob olamiz. Biz qotilliklar to‘xtashini istayapmiz», — dedi Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, 24 aprelga qadar Vashington va Kiyev nodir tabiiy resurslar bo‘yicha bitim imzolashi mumkin. Bu bitim AQSh Ukrainaga harbiy yordam uchun sarflagan mablag‘ — avval 300 mlrd dollar deb baholangan «qarz»ni 100 mlrd dollargacha qisqartirishni ko‘zda tutadi.
Bloomberg va Axios manbalariga ko‘ra, agar Putin rozilik bildirmasa, AQSh Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishi mumkin. Bunda Rossiyaning «xufiyona neft floti» ham nishonga olinadi.
Shu bilan birga, Kreml o‘t ochish bo‘yicha moratoriyni uzaytirishga tayyor ekanini bildirganicha yo‘q. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar murakkab kechayotganini aytdi va bunda Kiyev hamda G‘arb davlatlarini aybladi.
Zelenskiy Yevropa bilan Trampni urishtirdimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropaning Volodimir Zelenskiyga ochiq hamdardligi uchun qattiq norozi bo‘lgan, deb yozmoqda Politico. 28 fevral kuni Oq uydagi uchrashuvda Tramp va Zelenskiy o‘rtasida qattiq tortishuv yuz bergan, ukrain delegatsiyasi muzokaralardan chiqarib yuborilgan.
Ikki kun o‘tib, Londonda Yevropa yetakchilari sammiti bo‘lib o‘tdi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Zelenskiyni samimiy qarshi oldi va Ukraina bo‘yicha «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» tashkil etilishini e’lon qildi. Bu Yevropa tomonining mustaqil pozitsiyasini anglatdi.
Zelenskiy hatto qirol Charlz III bilan uchrashdi — bu esa Britaniya monarxiyasini hurmat qiluvchi Trampni yanada g‘azablantirdi.
Ertasi kuni Tramp Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi. Fransiya va Buyuk Britaniya diplomatlari voqeadan tashvish bildirdi. Ayrimlar bunday munosabat Britaniyani Kiyevga bosim qilishga majbur qilganini taxmin qilmoqda.
Tramp esa hamon Yevropa yetakchilariga nisbatan kek saqlab kelmoqda.
AQSh dezinformatsiyaga qarshi kurashni to‘xtatadi
AQSh Davlat departamenti «Global aloqalar markazi» nomli dezinformatsiyaga qarshi kurashuvchi tuzilmani tugatmoqda. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu markaz so‘z erkinligini cheklab, har yili 50 mln dollarlik budjetni obro‘siz maqsadlarda sarflagan.
Ushbu markaz 2016 yilda Barak Obama farmoni bilan tashkil etilgan, asosiy maqsadi – Rossiya va Xitoy propagandasiga qarshi kurashish edi. Ammo keyinchalik u ayniqsa konservativ ommaviy axborot vositalarini «senzura qilishda» ayblandi.
2024 yilda Jo Bayden ma’muriyati markazni qayta tashkil qilgan, ammo Tramp qayta prezident etib saylangach, uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ilgari Ilon Mask ham ushbu markazni so‘z erkinligiga tahdid, deb atagan edi.
Respublikachilar bu qarorni ma’qullamoqda, ammo demokratlar «Moskva va Pekinga maydon bo‘shatib berilmoqda», deya bu qarorni tanqid qilmoqda.
AQSh hozircha Rossiyaga parvozlarni tiklamaydi
Moskva Vashingtonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashni taklif etdi, ammo AQSh bundan bosh tortdi. Bu haqda Putin yordamchisi Yuriy Ushakov «Rossiya 1» telekanaliga ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh birinchi navbatda Ukraina masalasida «siljish» bo‘lishini talab qilmoqda.
«Amerikaliklar Ukraina bo‘yicha ildamlashishni kutyapti, keyingina aviaqatnov masalasi muhokama etiladi», — dedi Ushakov. Shuningdek, u Putin va Tramp o‘rtasida telefon suhbati bo‘lishi mumkinligi, ammo hozircha kelishuvga erishilmaganini bildirdi.
2022 yildan so‘ng AQSh va YeI Rossiya aviakompaniyalariga havo yo‘llarini yopgan, Moskva esa javob tariqasida Rosaviatsiya orqali ruxsat talab qilmoqda. 27 fevral kuni Rossiya Istanbulda bu masalani qayta ko‘targan.
AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio bu rejalardan bexabarligini aytdi. Rossiya elchisi Darchiyev esa vizalar va parvozlarni tiklash bo‘yicha ish olib borilayotganini bildirdi.
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi
Rossiya Oliy sudi Afg‘onistondagi «Tolibon» harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish haqida qaror qabul qildi. Sud majlisi yopiq rejimda o‘tdi va qaror darhol kuchga kirdi, deb xabar beradi TASS agentligi.
Rossiyada «Tolibon» 2003 yilda BMT Xavfsizlik kengashi ro‘yxati asosida terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan edi. Bir necha yillardan buyon bu maqomni bekor qilish masalasi muhokama qilingan. 2020 yilda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov bu ehtimol haqida bildirgan.
2024 yil dekabrida Putin imzolagan qonunga ko‘ra, bunday qaror bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari arizasiga asosan chiqarilishi mumkin. 2025 yil mart oyida prokuratura Oliy sudga shunday ariza taqdim etgan edi.
Endilikda Rossiya «Tolibon» bilan rasman hamkorlik qilishga huquqiy asosga ega.
Pashinyan Qorabog‘ni unutishga chaqirdi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ mavzusini qayta ko‘tarish davlat mustaqilligiga xavf tug‘dirayotganini aytdi. Unga ko‘ra, bu masala endilikda tashqi kuchlar tomonidan Yerevanni zaiflashtirish vositasi sifatida ishlatilmoqda.
«Qorabog‘ bizga yordam bermagan, balki davlatchiligimizni yo‘q qilish uchun xizmat qilgan», — dedi u parlamentda so‘zga chiqib.
U Ozarboyjon bilan tinchlik shartnomasi va YeXHT Minsk guruhini tugatish haqidagi bayonotni bir kunda imzolashni taklif qildi. Pashinyanning ta’kidlashicha, Armaniston urush emas, tinchlikni xohlaydi.
Boku esa avval Armaniston Konstitutsiyasidagi Qorabog‘ga oid bandi o‘zgartirilishini talab qilmoqda. Pashinyan buning uchun 2027 yilda referendum kerakligini aytdi.
Mavzuga oid

23:58 / 24.04.2025
Qirg‘izistonda RF armiyasiga yollash ishi bo‘yicha rossiyalik polittexnolog hibsga olindi

23:25 / 24.04.2025
Tramp millionerlar uchun soliqlarni oshirishdan bosh tortdi

21:23 / 24.04.2025
Zelenskiy Trampga Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha yangi takliflar yuborilganini ma’lum qildi

20:55 / 24.04.2025