Jahon | 15:39 / 18.04.2025
2493
6 daqiqa o‘qiladi

Fitch Ratings: O‘zbekistonning uchta davlat bankini xususiylashtirish yana kechiktirilishi mumkin

Fitch Ratings agentligining bank sektori bo‘yicha direktori Pavel Kaptelga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha «Aloqabank», «Asakabank» va «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish vazifasi «juda ambitsiyali», 1−2 ta bankning sotilishi kelgusi davrga qoldirilishi mumkin. Shuningdek, Fitch vakili bank sektoridagi dollarlashuvning hozirgi holatini «yuqori darajada» deb baholayapti.

Foto: Getty images

O‘zbekistonning yirik davlat banklarining xususiylashtirilishi yana ortga surilishi mumkin. Bu haqda Fitch Ratings agentligining bank sektori bo‘yicha direktori Pavel Kaptelga tayanib Spot xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha «Aloqabank», «Asakabank» va «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish vazifasi «juda ambitsiyali». 

«Bizning bazaviy ssenariyimizga ko‘ra, bu yilning o‘zida uchta bankni ham sotish ancha qiyin bo‘ladi. Taxminimizcha, kamida 1−2 ta bankning sotilishi kelgusi davrga qoldirilishi mumkin», — degan Pavel Kaptel 16 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda.

U muvaffaqiyatli xususiylashtirish uchun asosiy shartlaridan biri xorijiy investorlarning rivojlanayotgan bozorlarga, xususan, O‘zbekistonga doimiy qiziqishi ekanini ta’kidladi. Fitch vakilining so‘zlariga ko‘ra, global moliya bozorlaridagi noaniqlik davom etar ekan, bunday qiziqishni saqlab qolish muammoligicha qoladi.

Shuningdek, Pavel Kaptel «Biznesni rivojlantirish banki», «Mikrokreditbank» va «Xalq banki» aksiyalari paketlarining Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishini ijobiy baholagan. 

«Bizning nazarimizcha, bu banklarning operatsion samaradorligini sezilarli darajada yaxshilashga, korporativ risk-menejment sifatini kuchaytirishga olib kelishi kerak bo‘lgan juda muhim qadamdir. Oxir-oqibat, bu o‘rta muddatli istiqbolda ushbu banklarning aktivlari sifati va daromadliligi bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishiga olib keladi», — degan u.

Davlat banklarini xususiylashtirish

Shu paytga qadar «Asakabank», «O‘zsanoatqurilishbank» va «Aloqabank»ni xususiylashtirish bir necha bor kechiktirildi. Ushbu yirik davlat banklari aksiyalari 2025 yilda sotilishi rejalashtirilgandi.

Dastlab mamlakatdagi ikkinchi yirik bank hisoblangan «O‘zsanoatqurilishbank»dagi barcha davlat ulushini 2022 yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023 yil oxirigacha savdoga chiqarish ko‘zda tutilgandi. Shundan so‘ng 2024 yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.

 «Asakabank» xususiylashtirish muddati ham 2023 yil oxiridan 2025 yil oxirigacha surildi. «Asakabank» bugungi kunda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (88,22 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (10,85 foiz), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (0,73 foiz), «O‘zavtosanoat» (0,1 foiz), «O‘zagrosug‘urta» (0,08 foiz) va «O‘zbekinvest»ga (0,02 foiz) tegishli.

2025 yil 1 yanvargacha (avval 2023 yil 1 iyulgacha edi) fond birjasida «Aloqabank» uchun IPO o‘tkazish rejalashtirilgandi. Bu bankdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi — 61,8 foiz, «O‘zbektelekom» — 22,03 foiz, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi — 6,3 foiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 4,32 foiz, «Elektromagnit moslashuv markazi» DUK — 2,11 foiz, boshqalar — 3,44 foiz.

Bank sektoridagi risklar

Fitch Ratings O‘zbekiston bank sektoriga xos tarkibiy xatarlarga ham to‘xtalib o‘tgan. Pavel Kaptelning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kreditlar (42 foiz) va omonatlar (25 foiz) dedollarizatsiyasi kuzatilyapti. Biroq Fitch dollarlashuvning hozirgi holatini «juda yuqori daraja» deb baholayapti. Bu agentlik faoliyat yuritayotgan MDH mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

«Bizning fikrimizcha, ko‘plab valuta kreditlari davlat sektoriga berilganini hisobga olsak, bu bank sektori aktivlari sifati uchun potensial risklarni yuzaga chiqaradi. Mamlakatda aslida valuta xavflarini xedjirlash tizimi hali ham rivojlanmagan. Shu sabab, salbiy vaziyat yuz berganda, ya’ni milliy valuta qadrsizlanganda, bu banklar uchun muammolar keltirib chiqaradi», — degan Kaptel.

Yana bir risk bank sektori, ayniqsa davlat banklari aktivlari sifatining yomonlashuvi bo‘lib, Fitch buni asosiy masalalardan biri deb hisoblamoqda. Kaptel buning sabablari qatorida ilgari berilgan muammoli kreditlarni (NPL) tan olish va muammolarni faolroq aniqlayotgan banklarning risk amaliyoti hamda risk-menejmenti sezilarli darajada takomillashtirilganini keltirdi.

Fitch prognozlariga ko‘ra, 2025 yoki 2026 yillarda to‘lov muddati 90 kundan ortiq kechiktirilgan kreditlar darajasi (MHXS bo‘yicha 3-bosqich) o‘zining eng yuqori nuqtasiga — agentlik hamkorlik qilayotgan banklarning umumiy kredit portfelining 9−10 foiziga yetadi va shundan so‘ng muddati o‘tgan kreditlarning hisobdan chiqarilishi yoki qaytarilishiga qarab asta-sekin pasaya boshlaydi.

«Muammoli kreditlarning eng yuqori darajasi eng murakkab segment — imtiyozli kreditlash funksiyasini bajaruvchi davlat banklarida qayd etilmoqda. Ko‘rishimiz mumkinki, so‘nggi yillarda ushbu banklar katta hajmdagi muammolarni tan olishgan va shunga mos ravishda ular uchun katta hajmdagi zaxiralarni yaratishga majbur bo‘lishgan, bu esa ularning daromadlariga ta’sir ko‘rsatgan. Davlat banklarining ba’zilari so‘nggi bir necha yil ichida zarar ko‘rmoqda», — degan Fitch vakili.

Mavzuga oid