Jahon | 19:41 / 18.04.2025
1516
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon uzoq masofaga suzishga qodir ekipajsiz suvosti kemasini yaratishni rejalashtirmoqda

Mazkur suvosti kemasi turli hajmdagi foydali yuklarni tashishi, razvedka ishlarini bajarishi va GPS bo‘lmagan muhitda ham ishlay olishi kerak.

Foto: U.S. Navy

AQSh Mudofaa vazirligi 1000 dengiz mili (1852 kilometr) masofaga kuchli jangovar snaryadlarni yetkazishga qodir ekipajsiz boshqariladigan yirik suvosti kemasini yaratish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirda Pentagonning innovatsion mudofaa bo‘linmasi ushbu talabga javob beradigan loyihalarni taqdim eta oladigan kompaniyalarni izlayapti.

«Amaldagi ekipajsiz suvosti qurilmalari masofa va yuk ko‘tarish quvvati bo‘yicha cheklovlarga ega bo‘lib, ba’zi harbiy operatsiyalarda muhim resurslarni samarali joylashtirishga to‘sqinlik qilmoqda. Mudofaa vazirligi katta yuk tashish imkoniyati va uzoq masofaga harakatlana oladigan, tijoriy jihatdan mavjud va namoyish uchun tayyor bo‘lgan tizimlarni izlamoqda», — deyiladi Pentagon bo‘linmasi bayonotida.

Ekipajsiz boshqariladigan suvosti kemasi turli hajmdagi foydali yuklarni tashishi, razvedka ishlarini bajarishi, GPS bo‘lmagan muhitda ishlay olishi kerak.

Shuningdek, u 1000 dengiz milini bosib o‘ta olishi, 200 metrdan ortiq chuqurlikka sho‘ng‘ishi va avtonom ravishda harakatlanib, to‘siq yoki to‘qnashuvlardan qochish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur.

Mavzuga oid