O‘zbekiston | 15:58 / 18.04.2025
11345
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda erkak o‘zaro kelishmovchilik ortidan tanishining Teslaʼsini yoqib yubordi

Erkak tunda avtoturargohdagi mashina yoniga kelib, uni yoqib yuborgani va hodisa joyidan qochib ketgani kameraga tushib qolgan. Chaqiruvga binoan manzilga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar mashinani 3 daqiqada o‘chirgan. Uni yoqib qochgan shaxs esa ushlangan.

Foto: Toshkent shahar FVB

Toshkent shahrida Tesla mashinasi yoqib ketildi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat kecha, 17 aprel kuni soat taxminan 23:40 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yalang‘och dahasi hududida joylashgan avtoturargohda sodir etilgan. 1988 yilda tug‘ilgan M.J. o‘zaro kelishmovchilik sababli 1983 yilda tug‘ilgan tanishi N.K.ga tegishli Tesla mashinasini yoqib yuborgan.

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro M.J. ushlangan. Holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, mashinaga o‘t qo‘yayotgan erkakning harakatlari hududdagi kameralardan biriga tushib qolgan. U avvaliga qo‘lidagi idishda bo‘lgan yonilg‘ini mashina ustiga to‘kib chiqqan. So‘ngra o‘t qo‘yib, hodisa joyidan qochib ketgan.

Toshkent shahar FVBning bildirishicha, 14 aprel kuni soat 23:51 da Yalang‘och dahasida elektromobil yonayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv texnikalari manzilga soat 23:56 da yetib borgan hamda yong‘in 23:59 da o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar yoki jarohat olganlar yo‘q.  

Mavzuga oid