Deputatlar sun’iy intellektda yaratilgan noqonuniy kontent uchun jazoga izoh berdi
O‘zbekistonda sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqiy masalalar qonunchilikka kiritilyapti. Loyiha tashabbuskorlari OAV ishtirokidagi davra suhbatida qonun loyihasidagi normalar, xususan SI yordamida noqonuniy montaj qilib tarqatilgan foto va videolar uchun javobgarlik masalasida izoh berishdi. Biz yangi rivojlanib kelayotgan texnologiya noto‘g‘ri maqsadlarda ishlatilishini cheklamoqchimiz xolos, deydi qonunchilar.
15 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sun’iy intellektga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Loyihada sun’iy intellektning huquqiy tavsifi, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va SIdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilangan.
Qonun loyihasi bilan, SI yordamida yaratilgan mahsulotlarni OAV yoki internetga joylashtirishda ularni markirovkalash, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov bergan va tarqatganlarning ish qurollari musodara qilinib, jarimaga tortilishi yoki 15 sutkagacha qamoqqa olinishi haqida bandlar bor.
18 aprel kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida loyiha bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Kun.uz muxbiri quyidagi masalalarni ko‘tardi:
- Nima sababdan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmadi?
- SIdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berib, tarqatganlarning ish qurollari musodara qilinib, jarimaga tortilishi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamalishi ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘rinda qamoq jazosini kiritish uchun asoslar yetarlimi?
- SI yordamida yaratilgan mahsulotlarni markirovkalash tartibi qanday bo‘ladi? Bu tartibni buzganlik uchun javobgarlik bo‘ladimi?
Savollarga parlamentning bir necha a’zolari javob qaytarishdi.
Javlon Abdullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:
— Qonun loyihasi deputatlar tomonidan tashabbus huquqi asosida kiritilgan. Bu – birinchi qadam. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi bu majburiy talab emas. Lekin mana shu o‘qishlar orasida ko‘plab jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinadi va taklif-mulohazalar shu tarzda olib borilsa ham bo‘ladi.
Ikkinchidan, javobgarlik masalasida. Deputatlar katta javobgarlik so‘ramayapti. Masalan, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish – qaysidir fuqaroning rasm yoki videosiga SI bilan pornografik yoki boshqa narsani qo‘yib, internetga chiqarib yubordi. Toki bu narsani qilgan odamni topib, jazolagunga qadar, bu tarqab bo‘ladi, haligi odamning obro‘siga putur yetadi. Shu sababli, mutanosiblik nuqtayi nazaridan, 15 sutka qattiq jazo emas, balki normal so‘ralayotgan jazo.
Markirovka borasida, hamma davlatlarda yagona talab yo‘q, lekin harakatlar boshlangan. Bu borada qonun qabul qilinganidan keyin, Vazirlar Mahkamasi qo‘shimcha o‘rganadi. Bunda yoki SI texnologiyasi asosida yaratilgani haqida yoziladi, yoki belgi qo‘yish kerak bo‘ladi. Bu masala mutaxassislar bilan maslahat qilinadi va o‘rganiladi.
Behzod To‘xtamurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Yumshoq kuch ishlatish yo‘lidan ketyapmiz, biz qattiq chegaralar qo‘yishdan yiroqmiz. O‘zbekistonda 2030 yilgacha IT Hub davlati sifatida shakllanishi bo‘yicha rejalar bor. Mana shu jarayonlarda cheklovlardan imkon qadar qochyapmiz.
SI generatsiya qilgan ishlar reallikka yaqin bo‘lgani uchun ko‘pchilik ishonib qolyapti. Bunday sifatli kontentni oddiy montaj dasturida qilish uchun malakali mutaxassis bo‘lish kerak, SIda esa maktab o‘quvchisi ham ikkita harakat bilan bunday kontentlar qila oladi. Biz hech kimni qo‘rqitmayapmiz, biz yangi rivojlanib kelayotgan texnologiyani noto‘g‘ri ishlatilishini cheklamoqchimiz, xolos. Buni ommaga qanday yetkazib berish OAVga bog‘liq.
Siz bergan javobgarlik qattiqligi haqidagi takliflaringizni ham ko‘rib chiqamiz, mutaxassislar bilan maslahat qilamiz. Loyiha yuzasidan ikkinchi o‘qishgacha ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazib, tashabbus va takliflarni yig‘ib boramiz.
Shahnoza Xolmaxmatova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Albatta, qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga chiqarishni talab qilish o‘rinli. Biz loyihani birinchi o‘qish bilan ikkinchi o‘qish orasida ham muhokamaga qo‘yishimiz mumkin, bunday holatlar amaliyotda bor. Buni biz deputatlik korpusi bilan, albatta, muhokama qilamiz.
Ikkinchidan, jazo masalasida. Juda og‘ir jazo, deyapsiz. Huquqbuzarlik sodir etish qurollari musodara qilib, ma’muriy qamoqqa olish yoki jarima. E’tibor qilinsa, moddaning 2-qismida aytilyaptiki, ushbu kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar – 3 yoshgacha bolasi bor, homilador ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar kabilarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin emas. Ularga faqat jarima jazosini qo‘llash mumkinligi nazarda tutilyapti.
Insonning haq-huquqlari bugun hamma narsadan ustun, ya’ni uni sha’ni, qadr-qimmat bilan bog‘liq huquqlar va uni qaysidir shaxs tomondan sun’iy intellekt imkoniyatlarini suiiste’mol qilib, huquqbuzarlik sodir etilsa, u albatta javobgarlikka tortilishi kerak. Buni avvalambor o‘z tanamizda his qilib ko‘rishimiz kerak edi. Hozir kunda mana ayollarimizning fotosidan, qiyofasidan, ovozidan foydalanib, turli xil pornografik videolar tarqatilishi mumkin. Sun’iy intellekt bunga imkoniyati yetarli darajada. Yoki o‘zga shaxslarning ishonchini suiiste’mol qilish uchun boshqa shaxslarning qiyofasidan foydalanishlari mumkin. Albatta, bu holatlar qat’iy choralar ko‘rishni talab qiladi.
Bugun biz sun’iy intellektdan foydalanishni chegaralamayapmiz yoki to‘siqlar qo‘ymayapmiz. Biz yumshoq huquqiy choralar qo‘llashga harakat qilyapmiz. Agar biz bu narsaga bugun e’tibor qaratmasak, u ertaga juda katta bir boshqa bir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu qonun loyihasida sizlar va mana shu jamoatchilik muhokamasi natijasida yig‘ilgan takliflarni ham aks ettirishga harakat qilamiz.
Diyor Husanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Bugun kunda juda ko‘p yangi texnologiyalar chiqyapti, ular avtomatlashtirilgan tizimda ishlayapti. O‘sha kimdir sun’iy intellekt orqali qaysidir shaxsga doir ma’lumotlarni – uning yuzini, qiyofasini o‘zgartirib, tarqatgan materiallarni bo‘yicha uni 15 sutkaga qamagan bilan, uning texnologiyasi avtomatik tarzda ishlab turadi-da. Jahon tajribalari o‘rganganda ham o‘sha taraflarini hisobga olinib, bizlar eng minimal javobgarlik masalalarini ko‘rganmiz. Chunki, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish uchun prezidentimiz tomonidan bir qancha qarorlar chiqarilyapti, boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilinyapti.
O‘zi Jinoyat kodeksiga ham o‘zgarishlar nazarda tutilgan edi. Biz birinchi bosqich sifatida, yoshlar yangilik yaratsa, qo‘rqib qolmasin, degan maqsadda yengillik sifatida faqat ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu bo‘yicha boshqa takliflar bo‘lsa, bizga [deputatlarga] bersangiz, uni muhokama qilib, qo‘mitada ko‘rib chiqamiz.
Ziyodbek Yunusov, Oliy Majlis deputati:
— Bu javobgarlik chorasini tarbiyaviy maqsadlarda kiritib qo‘ymasak bo‘lmasdi. Sun’iy intellektdan hozir firibgarlar ham foydalanyapti. Shu firibgarlardan, insonning qadri qimmatiga ta’sir qiladigan kontentlardan yoshlarimiz nari yursin, degan maqsadda qilingan. Bularni, albatta, yoshlarga sekin-sekin yetkazib yuboramiz. SIdan to‘g‘ri maqsadda foydalangin, degan maqsaddagi «tarbiyaviy shapaloq» bo‘ldi.
Mavzuga oid

22:14 / 24.04.2025
Amerikalik ayol ChatGPT yordamida o‘zida saraton borligini aniqladi

18:00 / 23.04.2025
Taklifi inobatga olinmagan liberallar, normani qat’iy himoya qilgan tashabbuskorlar – Qonunchilik palatasi yalpi majlisi qanday o‘tdi?

18:13 / 22.04.2025
Soliqdan qochgan tadbirkor ilk marta qo‘lga tushganida zararni qoplab, yengillik olishi mumkin

12:30 / 22.04.2025