Safini kengaytirib olgan HAMAS, Ukraina shaharlariga raketa hujumi va Suriyadagi bazalarini yopayotgan AQSh - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS askarlari soni 40 mingga yetdi
2023 yilning oktyabridan buyon G‘azo sektorida HAMASni yo‘q qilish uchun harakat qilayotgan Isroil armiyasi o‘z niyatiga yeta olmagani oshkor bo‘lmoqda.
Isroil manbalarining ma’lum qilishicha, HAMAS harakati o‘z saflarini yosh ko‘ngillilar hisobidan kengaytirib, hozirda 40 ming atrofida harbiyga ega. Bu haqda Isroilning Haaretz nashri xabar bermoqda.
Urush boshlanishidan avval tashkilotda 25–30 ming atrofida jangchi bo‘lgan. Isroil maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatiga jiddiy tahdid yo‘q, aholining ko‘pchiligi ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
HAMAS hozirgi kunda mahalliy shart-sharoitda portlovchi qurilmalar tayyorlash, qurol ishlab chiqarish va o‘z raketalarini yaratish salohiyatini shakllantirgan. Isroil harbiylari bu salohiyat frontda yanada ko‘proq qarshilik ko‘rsatish uchun ishlatilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
AQSh Yamandagi neft portiga zarba berdi
AQSh qo‘shinlari Yaman shimolidagi Ras-Isa neft portiga havodan zarba berdi. Amerikalik harbiylar port terminali to‘liq yo‘q qilinganini, u «Ansorulloh» harakati uchun asosiy daromad manbai bo‘lganini bildirdi.
Yamandagi husiychilar boshqarayotgan sog‘liqni saqlash idorasi zarbada 74 kishi halok bo‘lganini, 171 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Halok bo‘lganlarning aksariyati port ishchilari bo‘lgan.
Husiychilar portni faqat fuqarolik maqsadlarida foydalanadigan inshoot, deb ta’riflab, hujumni «harbiy jinoyat» deb atadi. Ular bu amaliyot javobsiz qolmasligini aytmoqda. Zarba ortidan Isroil o‘z hududiga Yamandan otilgan raketa urib tushirilganini e’lon qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp martda husiychilarga qarshi havo amaliyoti boshlashni buyurgan. Ammo AQSh hozircha ularning HAMASga himoya maqsadida qilgan hujumlarini to‘xtata olmadi. Vashington hozirda husiychilarga qarshi quruqlikdan amaliyot olib borish va uni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini muhokama qilmoqda.
AQSh Suriyada harbiy bazalarni yopmoqda
AQSh shimoliy-sharqiy Suriyadagi 8 ta harbiy bazasidan uchtasini yopishga qaror qildi. Bu qaror ortidan kontingent soni 2 mingdan 1,4 ming nafargacha qisqartiriladi. Birinchi bosqichda Mission Support Site Green Village, MSS Euphrates va kichikroq bir baza yopiladi. Keyingi 60 kun ichida yana qisqartirish zarurligi baholanadi.
Pentagon 500 harbiyni qoldirishni taklif qilgan, ammo prezident Donald Tramp Suriyada har qanday qo‘shin qoldirishga shubha bilan qaramoqda. AQSh hozircha kurdlar boshchiligidagi «Suriya demokratik kuchlari»ni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Suriya shimolida 10 mingga yaqin IShID jangchilari va 39 mingga yaqin oila a’zolari saqlanmoqda. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, IShID hozirgi noaniq vaziyatdan foydalanib, yangidan bosh ko‘tarishi mumkin.
Rossiya Ukraina shaharlariga raketalar uchirdi
Rossiya armiyasi Sumi oblastidagi energetika obektlariga zarba berdi. Bu hujum Kreml energetik obektlarni nishonga olishga joriy etilgan moratoriy tugaganini e’lon qilganidan so‘ng amalga oshdi.
«Sumioblenergo» kompaniya xavfsizlik nuqtayi nazaridan zarba tafsilotlarini oshkor qilmasligini bildirdi. Elektr ta’minotini tiklash ishlari tezkorlik bilan olib borilyapti. Aholi «axborot sukuti»ga rioya qilishga — fotosurat va videolarni tarqatmaslikka chaqirildi.
Konotop shahar hokimi Artyom Semenixin hujum qurbonlarsiz o‘tganini va bir energetika inshooti zararlanganini bildirdi. U tiklash ishlari boshlanganini ta’kidladi.
18 aprel kuni Rossiya qurolli kuchlari Xarkiv shahrining zich aholi yashaydigan tumaniga ham raketalar bilan hujum qildi. Snaryadlardan biri ko‘p qavatli uyga to‘g‘ri kelgan. Bir kishi halok bo‘ldi, 74 nafar fuqaro jabrlandi, shulardan ikki nafari yosh bolalar.
Raketalar kassetali zaryad bilan urib tushirilgani aytilmoqda. Bu esa katta vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Hujumda 20 dan ortiq ko‘p qavatli uy va 30 ga yaqin xususiy bino zarar ko‘rdi.
Shu zahotiyoq Dnipro shahrida ham portlashlar qayd etildi. Hujum fitnes markazi, mehmonxona va ofis binosiga shikast yetkazgan. Bu yerda halok bo‘lganlar yo‘q. Ukraina oblastlarida havo hujumidan hushyorlik saqlanmoqda.
18 aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov moratoriy rasman tugaganini bildirdi. Unga ko‘ra, Putin tomonidan yangi buyruqlar berilmagan.
Tramp: AQSh Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chiqishi mumkin
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Vashington jarayondan chiqishini istisno etmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar biror taraf tinchlikka to‘siq bo‘lsa, AQSh ularni «ahmoqlar, yomon odamlar» deb baholab, muzokaralarni tark etadi.
Tramp urushni tezda to‘xtatish tarafdori ekanini bildirib, har hafta o‘rtacha 2500 askar halok bo‘layotganini ta’kidladi. U vaqt belgilamasdan, barchasini imkoniyat sifatida ko‘rayotganini bildirdi.
AQSh prezidenti, shuningdek, Kreml uni o‘zining diplomatik o‘yinlariga qo‘shib qo‘ygani haqidagi iddaolarni rad etdi. «Men chindan ham yordam berishni istayapman», — dedi u.
Avvalroq davlat kotibi Marko Rubio ham AQSh vositachiligi bekor qilinishi mumkinligini aytgan edi.
AQSh Rossiyaga Ukraina yerlari berilishiga rozi
Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiyaga Ukraina hududlarining bir qismini saqlab qolish imkonini taklif qildi.
U 11 aprel kuni Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so‘ng bu haqda The Wall Street Journal nashriga ma’lum qildi.
Uitkoffga ko‘ra, Moskva Qrim va Donbass bilan birga yana uch oblastni o‘z tarkibiga qaytarish niyatida. AQSh esa tinchlik evaziga Rossiyaga ayrim rusiyzabon hududlarni qoldirish variantlarini muhokama qilishga tayyor. Ukraina prezidenti Zelenskiy bu taklifni «Ukrainaga o‘z yerlaridan voz kechish talabini ilgari surish», deb baholadi.
Maxsus vakilning bayonoti AQShda ham tanqidga uchradi. Ukraina esa bu munosabatlariga zarar yetkazayotganini ta’kidlab, Trampdan Uitkoffni chaqirib olishni so‘radi.
Moskva Ukrainaga 9 mayni nishonlashni taqiqlamoqchi
Rossiya Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matviyenko Ukrainaga 9 may — G‘alaba kunini nishonlash huquqini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev tarixni soxtalashtirmoqda va natsistlar hamkorlarini qahramon sifatida targ‘ib qilmoqda.
Matviyenko Volodimir Zelenskiyni Stepan Bandera va Roman Shuxevich kabi bahsli shaxslarni «milliy qahramon» deb e’lon qilgani uchun tanqid qildi. U bu shaxslarni Adolf Hitlerga yordam bergan deb atadi va ularni sharaflash fonida G‘alaba kunini nishonlash «surbetlik» deb baholadi.
Ukraina bu tanqidlarni rad etmoqda. Zelenskiy 2023 yilda G‘alaba kunini Yevropa kabi 8 mayda nishonlashni taklif qilgan va ukrainaliklarning ko‘pchiligi buni qo‘llab-quvvatlagan.
Joriy yil 9 may kuni Kiyevda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari ishtirokida rasmiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Litva Markaziy Osiyodan migratsiyani cheklamoqchi
Litva Bosh vaziri Gintautas Palutskas mamlakat migratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. U ishchi kuchini «madaniyat jihatdan yaqinroq» davlatlardan jalb etish ustuvor bo‘lishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlardan kelganlar radikallashuvga moyil. Shu bois kelgusida Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar soni qisqarishi mumkin.
Bu bayonot, davlat xavfsizlik xizmati rahbari Daryus Yaunishkis 10 nafar markaziy osiyolikka terrorizmga aloqadorlik tufayli Litvaga kirish taqiqlanganini ma’lum qilganidan so‘ng yangradi.
Palutskas bu vaziyatdan so‘ng mamlakatdagi migratsiya siyosatini madaniyat jihatdan yaqinlik va xavfsizlik mezonlari asosida tubdan o‘zgartirish kerakligini aytdi.
Qayd etib o‘tish kerakki, mazkur yangilik ayrim nashrlar tomonidan «Yevropa Ittifoqi o‘zbekistonlik migrantlarni qabul qilishni to‘xtatmoqchi», degan sarlavha ostida tarqatilmoqda. Holbuki faqat Litva butun Markaziy Osiyo davlatlarini nazarda tutgan.
Mavzuga oid

00:31
«G‘alaba asosan biz tufayli qo‘lga kiritilgan». Tramp 8 mayni rasman G‘alaba kuni deb e’lon qildi

21:22 / 07.05.2025
AQSh migrantlarni Liviyaga deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda

21:12 / 07.05.2025
Ilhom Aliyev 9 may kuni Moskvadagi paradga borishdan bosh tortdi

21:05 / 07.05.2025