O‘zbekiston | 17:33 / 20.04.2025
17748
3 daqiqa o‘qiladi

«5-6 ta mashinani urdik». Toshkentda YPXdan qochgan qora Gentra bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi

Avtomobil yon o‘rindiqdagi yo‘lovchiga tegishli bo‘lgan. Hodisa oqibatida bir kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Qoidabuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

19 aprel kuni tongda davlat raqamisiz harakatlangan qora rangli Gentra YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan bir necha avtomashinaga shikast yetkazgani bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi. 

«Soat taxminan 07:10 larda qora rangli Gentra o‘zi bilan bir qatorda harakatlanib kelayotgan bir necha transport vositalariga xavfli holat tug‘dirib, texnik shikast yetkazgani tufayli ushbu avtoulovga maxsus qurilma orqali to‘xtash ishorasi berilganida, avtoulov harakat tezligini yanada oshirib, yashirishga urindi.

Mazkur holat yuzasidan haydovchi bilan tergov ishlari olib borilganida, unda avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi me’yoriy hujjatlar yo‘qligi, bundan tashqari, avtoulovning davlat raqami belgisi yo‘qligi aniqlandi. Tekshiruv davomida, avtoulov davlat raqami belgisi avtomobil yukxonasidan topildi», – deya ma’lumot berdi Toshkent shahar IIBB katta inspektori Muzaffarxon Inog‘omov.

Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar haydovchiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Avtomobil boshqaruvidagi ayol sarxush holatda bo‘lgan, unda haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma bo‘lmagan, avtomobil esa yo‘lovchi o‘rindig‘idagi erkakka tegishli bo‘lgan.

Avtomobil salonida jami besh kishi bo‘lgan, ular bir kun oldin mehmondorchilikka yig‘ilgan, u yerda spirtli ichimlik va gashish giyohvandlik moddasi iste’mol qilingan.

«Rulni u yoqqa, bu yoqqa burib tashladim. To‘xtama dedi, ko‘p mashina urildi, dovdirab qoldim. Nechta mashina urilganini bilmayman. Ulardan kechirim so‘rayman», – deya yig‘lab ko‘rsatma bergan avtomobil boshqaruvidagi ayol.

Avtomobil egasi mashina otasining nomida ekanini aytgan.

«Transport vositasi menga tegishli, otamga tegishli. Haydasam bo‘ladimi dedi, mayli haydang dedim. Keyin YTH bo‘lib qoldi, qochdik, yo‘lda Damas urvorildi. 

Undan keyin, Sobir Rahimov ko‘prigidan o‘tganda to‘xtab qoldik. Svetoforda tirbandlikda qolib ketdik. Ortga qayrilib, qarama-qarshi yo‘nalishda qaytdik. O‘shanda besh-oltita mashina bilan YTH qildik.

Qilgan ishimdan pushaymonman. Jabrlangan odamlardan kechirishlarini so‘rayman», – degan u.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan. Gumon qilinuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Shuningdek, avtomobil ichidagilarga nisbatan kuch ishlatishga uringan boshqa ishtirokchilarning harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.

Mavzuga oid