Jahon | 15:39 / 20.04.2025
2654
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Oliy sudi venesuelalik migrantlar deportatsiyasini to‘xtatib qo‘ydi

Hibsga olingan migrantlar Qo‘shma Shtatlarda terrorchilik tashkiloti deya tan olingan «Tren-de-Aragua» guruhiga aloqador ekanlikda ayblanmoqda.

Foto: REUTERS

AQSh Oliy sudi Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (ACLU) da’vosini qabul qildi va hukumatga venesuelalik migrantlarni deportatsiya qilishni vaqtincha taqiqladi. Prezident Donald Tramp ma’muriyati da’voni rad etishni talab qildi.

Venesuelalik migrantlar guruhi AQShda terrorchilik tashkiloti deya tan olingan «Tren-de-Aragua»ga aloqador ekanlikda ayblanmoqda. Ularni Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilish qarori tashqi dushmanlar to‘g‘risidagi qonun asosida qabul qilingan — u migrantlarni sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish imkonini beradi. Ushbu qonundan oxirgi marotaba Ikkinchi jahon urushi vaqtida foydalanilgan.

«Ular [venesuelalik migrantlar] yaqinda Adliya va Ichki xavfsizlik vazirliklari tomonidan yaxshilab rejalashtirilgan hamda amalga oshirilgan reydlar davomida hibsga olingan», — deydi Trampning maslahatchisi Stiven Miller.

Qo‘lga olingan venesuelalik migrantlarning barchasi Texasdagi Blubonnet qamoqxonasida saqlanmoqda. Ularning aniq soni noma’lum. ACLU o‘z da’vosida ko‘rsatishicha, deportatsiya to‘g‘risidagi qaror qo‘lga olinganlarning «Tren-de-Aragua» guruhiga aloqasi isbotlanmay turib qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va AQSh prezidenti Donald Tramp migrantlarni deportatsiya qilish to‘g‘risida kelishuvga erishgan edi. Venesuelaga repatriatsiya fevral oyida to‘xtatilgandi, bunga Oq uy rahbari Chevron kompaniyasini Janubiy Amerika davlatida faoliyat yuritish litsenziyasidan mahrum qilgani sabab bo‘lgan. O‘z navbatida Maduro hukumatga AQShda qo‘lga olingan venesuelalik migrantlar repatriatsiyasi uchun zarur bo‘ladigan reyslar sonini oshirishni buyurgan.

 

Mavzuga oid