Jahon | 21:47 / 20.04.2025
6857
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Pasxa munosabati bilan e’lon qilingan sulhni uzaytirishdan bosh tortdi

Putin 21 aprel soat 00:00 ga qadar Rossiya armiyasiga jangovar harakatlarni to‘xtatishni buyurgan edi. Kreml matbuot kotibiga ko‘ra, ushbu muddat uzaytirilishi bo‘yicha «boshqa buyruq bo‘lmagan».

Foto: TASS

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskva tomonidan bir tomonlama tartibda e’lon qilingan «Pasxa sulhi»ni uzaytirish tashabbusini ilgari surganiga qaramay, Kreml 21 aprel soat 00:00 dan boshlab jangovar harakatlarni qayta tiklash niyatida. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Boshqa buyruqlar bo‘lmadi», — dedi u TASS vakilining dushanbaga o‘tar kechasi sulh muddati tugaydimi yoki o‘t ochishni to‘xtatish muddati uzaytirilishi mumkinmi degan savoliga javoban.

Vladimir Putin Pasxa munosabati bilan qisqa otashkesimni 19 aprel kuni RF Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan uchrashuvda e’lon qildi. U 21 aprel yarim tunga qadar Rossiya armiyasi Ukraina frontida o‘t ochishni to‘xtatishini aytib, Kiyev tomonidan ham shu kabi qadam tashlanishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida Zelenskiy mazkur tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, biroq Putinning harakati — bu «odamlar hayoti bilan o‘ynashning» navbatdagi urinishidan boshqa narsa emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga haqiqatdan rioya qilinsa, uni davom ettirish taklifini berdi. Ammo 20 aprel kuni ertalabdan har ikki tomon ham bir-birini o‘t ochish va hujumlar davom etayotganiga aybladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin AQSh vositachiligida Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetika obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuv bo‘lgan, 18 martdan boshlangan kelishuv 1 oyga tuzilgandi.

Mavzuga oid