Jahon | 19:06 / 20.04.2025
6186
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda o‘tkazilgan yarim marafon vaqtida ikki kishi vafot etdi

Olmaota shahrida 20 aprel kuni ertalab o‘tkazilgan yarim marafon vaqtida 84 va 21 yoshli ishtirokchilar vafot etdi. Ularning ikkisi ham bunga qadar turli marafonlarda ishtirok etib kelgan.

Foto: pixabay.com

Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan Almaty Half Marathon yarim marafoni vaqtida 84 yoshli Akkoyan Rsaliyev va 21 yoshli Nurbol Ahmadi vafot etdi, deb xabar bermoqda «Kazinform».

Olmaotada yarim marafon 20 aprel kuni ertalab, Birinchi prezident bog‘idan markaziy stadiongacha bo‘lgan yo‘nalish oralig‘ida o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, tashkilotchilar reglament bo‘yicha ish olib borgan: tibbiy xizmatlar, favqulodda xizmat hamda politsiya tezkorlik bilan yordamga yetib kelgan. Ko‘rilgan sa’y-harakatlarga qaramay, ishtirokchilar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Akkoyan Rsaliyev 2021 yildan beri muntazam ravishda bellashuvlarda ishtirok etib keladi. Bundan oldin u 21,1 hamda 10 kilometr masofalarni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan. Bugungi yarim marafonning birinchi kilometrida erkakning ahvoli birdan yomonlashgan, bir daqiqadan keyin tez yordam brigadasi unga yordamga yetib kelgan.

«Soat 08:15 da ishtirokchilardan biri yiqilib tushgani to‘g‘risida xabar berildi. Tez yordam bir daqiqa ichida yetib bordi, ammo uning yurak urishi to‘xtagandi. Protokol bo‘yicha reanimatsion chora-tadbirlar o‘tkazildi. Dastlabki xulosa — o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi. Surunkali arterial gipertenziya bo‘lgan», — deydi shifokor.

Vafot etgan ikkinchi fuqaro — Nurbol Ahmadi bo‘lib, u Winter Run 2025 marafonida 10 kilometr masofaga yugurgan. Bugungi yarim marafonning 16-kilometrida u hushini yo‘qotgan. Shifokorlar uning ham hayotini saqlab qola olmagan.

Tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, ishtirokchining o‘limi sababi sud-tibbiyot ekspertizasi natijalaridan keyin ma’lum bo‘ladi.

Marafon tashkilotchilari vafot etgan fuqarolarning oilalari bilan bog‘langan va ularga moddiy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid