Jahon | 16:49 / 20.04.2025
9033
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi birinchi 10G internet tarmog‘i ishga tushirildi

Yangi texnologiya 8K formatdagi 90 gigabaytli filmni bir necha soniya ichida yuklab olishga yordam beradi.

Foto: AP

Huawei kompaniyasi China Unicom bilan hamkorlikda Xitoyning Xebey provinsiyasidagi Syun’an hududida birinchi 10G keng polosali internet tarmog‘ini ishga tushirdi. Bu haqda Mydrivers portali xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangilangan tarmoq dunyodagi ilk 50G PON texnologiyasi asosida ishlaydi. U orqali har bir foydalanuvchi uchun internet tezligi an’anaviy gigabit darajasidan 10G darajasigacha oshiriladi. Tarmoqdagi kechikish esa bir necha millisoniyagacha qisqaradi.

Sinov davomida yuklash tezligi soniyasiga 9834 Mbit’ni tashkil etgan. Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, 8K formatdagi 90 gigabaytli filmni yuklab olishga bir necha soniya kifoya qiladi.

10G texnologiyasiga o‘tish yuqori o‘tkazuvchanlik imkoniyati talab qilinadigan servislar uchun sharoit yaratadi. Xususan, gap 8K formartdagi videolar oqimi, bulutli platformalar, shuningdek, qo‘shimcha va virtual realliklar haqida ketmoqda.

2025 yil yanvar holatiga ko‘ra, Xitoyda 4,25 millionda 5G baza stansiyalari faoliyat yurityapti. Bu boshqa davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mavzuga oid