Jahon | 12:27 / 21.04.2025
3555
10 daqiqa o‘qiladi

Asirlarni ozod qilishga tayyor HAMAS, Sudandagi jim genotsid va Tramp deportatsiyasini to‘xtatgan sud - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS: Urush to‘xtasa, garovdagilar ozod bo‘ladi

HAMAS siyosiy byurosi rahbar o‘rinbosari Xalil al-Hayya «Al-Jaziyra» telekanali orqali qilgan chiqishida harakat barcha isroillik asirlarni urushni to‘xtatish evaziga ozod qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Unga ko‘ra, HAMAS harbiy harakatlarni to‘xtatish, asirlar almashinuvi, G‘azodan Isroil armiyasini chiqarish, qamalni tugatish va urushdan keyingi tiklanishni o‘z ichiga olgan «keng qamrovli paket»ga rozi. Al-Hayya Isroil mart oyida yangidan urushni boshlab, yanvardagi to‘xtamni buzganini ta’kidladi.

Uning so‘zlaricha, Misr va Qatar vositachiligida Ramazon yakunida kelishuv loyihasi taklif qilingan va HAMAS uni qabul qilgan, ammo Isroil unda amalga oshirib bo‘lmas shartlar, jumladan HAMASni qurolsizlantirish shartini qo‘ygan.

HAMAS to‘liq asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirmoqda. AQSh vositachiligidagi yashirin muzokaralar martda bosqichma-bosqich to‘xtagan.

G‘azoda halok bo‘lganlar soni 51 mingdan oshdi

Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektoriga qarshi o‘tkazilgan navbatdagi havo hujumlari oqibatida 35 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy tibbiy xizmatlar ma’lum qildi.

Hujumlar asosan Xon Yunus shahri atrofida amalga oshirilgan bo‘lib, jabrlanganlar orasida bolalar ham bor. Yaralangan o‘nlab fuqarolar «Nasr» kasalxonasiga yetkazilgan.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 51 ming 201 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo sektoridagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Birgina so‘nggi sutka ichida 43 falastinlik halok bo‘lib, 145 kishi yaralangan. 7 oktyabrdan beri yaralanganlar soni 116 ming 826 nafarga yetgan. Ayni damda minglab qurbonlar tanasi hamon vayron bo‘lgan binolar ostida qolmoqda.

Joriy hujumlar 19 yanvardagi otashkesim kelishuvi buzilgandan so‘ng yanada kuchaydi. Birgina 18 martdan buyon 1827 kishi halok bo‘lgan, 4828 kishi jarohatlangan.

Har kuni kuzatilayotgan bombardimon va hujumlar, asosan, fuqarolar yashaydigan hududlarni qamrab olmoqda. Jahon hamjamiyati tomonidan ogohlantirishlar bo‘lganiga qaramay, G‘azodagi halokatli hujumlar davom etmoqda.

Sudanda jim genotsid davom etmoqda

Sudan ikki yildan beri dunyo e’tiboridan chetda qolgan halokatli urush girdobiga botmoqda. Armiya va RSF nomli tish-tirnog‘igacha qurollangan guruh o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ko‘plab shaharlarni xarobaga aylantirdi. Jasadlar ko‘chalarda sochilib yotibdi, kasalxonalar vayron, butun bir shaharlar esa bo‘shab qolgan.

Aholining 30 foizi o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. BMT va humanitar tashkilotlar aniqlangan qurbonlar soni rasmiy raqamlardan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Aloqalar uzilganligi va matbuotda cheklangan yoritilish tufayli haqiqiy fojia ko‘zdan yashirilayotgan bo‘lishi mumkin.

Qatliom va qochqinlik keng ko‘lamda. Sudanda sodir bo‘layotgan bu fojia ko‘pchilik uchun hali ham noma’lum. Lekin uning sukut ichidagi vahshiyligi butun dunyo uchun signal bo‘lishi kerak, deya bong urmoqda xalqaro huquqbonlik tashkilotlari.

AQSh BMTni antisemitizmda aybladi

AQSh BMTning Falastin huquqlarini himoya qilayotgan Francheska Albanezeni qayta tayinlash qarorini tanqid qildi. 15 aprelda AQShning BMTdagi vakilligi ushbu tayinlovni «antisemitizm va terrorizmni yoqlash», deya baholadi.

Albaneze 2022 yildan buyon BMTning okkupatsiya qilingan falastinlik hududlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimida ishlab keladi va bu vazifani bajarayotgan ilk ayol hisoblanadi. U falastinliklarning xalqaro maydondagi huquqlarini qat’iy himoya qilishi bilan tanilgan.

AQSh tarixan BMTning eng yirik moliyaviy homiysi hisoblanadi. Biroq Vashington bu safar BMT faoliyatini ochiq tanqid qilib, uni bir tomonlama pozitsiyada aybladi.

Bu orada AQSh hukumati 240 ta universitetda tahsil olayotgan 1500 nafarga yaqin xorijiy talabaning vizasini bekor qildi. Ular asosan F-1 va J-1 vizalariga ega bo‘lib, endi mamlakatni tark etishga majbur.

Middle East Eye ma’lumotiga ko‘ra, ko‘pchilikka hech qanday ayb qo‘yilmagan va oldindan ogohlantirilmagan. Vaziyat SEVIS bazasidagi ma’lumotlar tekshirilishi orqali oshkor qilingan.

Vashington, Konnektikut va Nyu Jyersidagi yirik universitetlar vizalar bekor qilinganini tasdiqladi. AQSh Davlat departamenti bu harakatlar tashqi siyosatga xavf tug‘ilganda viza qaytarilishi mumkinligini bildirgan.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio «namoyishlarda qatnashganlar vizaga loyiq emas» degan va 300 talabaga viza rad etilganini aytgan.

Yuristlar bu qaror ustidan da’vo arizalari kiritishmoqda, talabalarning huquqiy maqomi noma’lumligicha qolmoqda.

Tramp deportatsiyasi vaqtincha to‘xtatildi

AQSh Oliy sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan qabul qilingan deportatsiya qarorlarini vaqtincha to‘xtatdi. Prezident 1798 yilda qabul qilingan kam qo‘llanadigan «Dushmanona kayfiyatdagi chet elliklar to‘g‘risida»gi qonunga asoslanib, Venesuela migrantlarini sudsiz deportatsiya qilmoqchi edi.

Bu qonun so‘nggi marta Ikkinchi jahon urushida amerikalik yaponlarni chiqarib yuborishda ishlatilgan. Mart oyida ushbu asosda bir guruh migrant Salvadordagi qamoqxonalarga yuborilgandi.

Oliy sudning qaroriga ko‘ra, hech bir shaxs yangi ko‘rsatmagacha deportatsiya qilinmasligi lozim.

Tramp migrantlarni terroristik guruhlarga aloqadorlikda ayblasa-da, huquq faollari buni konstitutsiya buzilishi deb baholamoqda.

ACLU ushbu qarorni olqishlab, «insonlar sudsiz xorijdagi qamoqxonalarga yuborilayotgan edi», deya ta’kidladi.

Zelenskiy Rossiyaga yana murojaat qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyadan uzoq masofali hujumlardan 30 kunlik voz kechishni taklif qildi. Uning aytishicha, «Pasxa tanaffusi» vaqtida Rossiya 2000 dan ortiq hujum amalga oshirgan, biroq uzoq masofalarga berilgan zarbalar kuzatilmagan.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, frontning barcha yo‘nalishlarida Rossiya o‘z va’dasini buzgan. Pokrovsk yo‘nalishida esa eng ko‘p shturmlar amalga oshirilgan. U bu holatni hisobot bergan Ukraina qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ma’lumotlari bilan tasdiqladi.

Shu sababli Zelenskiy hech bo‘lmaganda fuqarolik infratuzilmasiga raketa va dron hujumlarini 30 kunga to‘xtatishni taklif qildi. U bu tinchlik formati uzaytirilishi mumkinligini aytdi.

Kreml esa Putin pasxa tanaffusini uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bermaganini ma’lum qildi. Otashkesim 21 aprel soat 00:00 da tugagan.

Kasallikka moyillikni oshirgan COVID-19

COVID-19’ni boshidan kechirganlar keyinchalik boshqa kasalliklarga 50 foizgacha ko‘proq chalinadi va ularning davolanish davri ham cho‘ziishi oydinlashdi.

AQShning Sent-Luis universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda shu xulosaga kelingan. Ular 200 ming nafar koronavirusni yuqtirgan va 600 ming nafar yuqtirmagan shaxsning tibbiy ma’lumotlarini tahlil qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, COVID-19’ni yengil o‘tkazganlar ham keyinchalik nafas yo‘llari infeksiyalari, bakterial va virusli kasalliklarga nisbatan ancha moyil bo‘lgan. Hatto oddiy shamollash, quyuq yo‘tal va o‘pka infeksiyalari ularda og‘irroq kechgan.

Olimlar bunga aniq izoh topolmayapti. Boshqa omillar teng bo‘lgan sharoitda faqat COVID-19 bilan bog‘liq holatlarda bunday ta’sir ko‘rilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, virus immun tizimini uzoq muddatga zaiflashtirishi va turli patogenlarga yo‘l ochib berishi mumkin.

Istanbul aeroporti Yevropada eng ilg‘or

Istanbul xalqaro aeroporti Yevropada eng ko‘p aviaqatnov amalga oshirilgan aeroport sifatida tan olindi. EUROCONTROL ma’lumotiga ko‘ra, 7–13 aprel kunlari u yerda kuniga o‘rtacha 1464 parvoz amalga oshirilgan.

Bu ko‘rsatkich bilan Istanbul aeroporti London, Parij va Frankfurt kabi yirik markazlarni ortda qoldirdi. Havo harakati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Amsterdamning Sxiphol aeroporti (1361 reys), uchinchida esa Londonning Hitrou aeroporti (1344 reys) joylashdi. Ularni Parijning Sharl de Goll (1341 reys) va Frankfurt aeroporti (1309 reys) ta’qib qilmoqda.

EUROCONTROL’ning «Yevropa aviatsiya hisoboti»ga ko‘ra, Istanbul aeroporti muntazam parvozlar, qulay logistika va yo‘lovchi oqimi jihatidan Yevropa yetakchisiga aylangan.

Ha, Istanbul aeroporti muhtasham va qulay aeroport. Lekin uning ichida oziq-ovqat va ichimliklar narxi ham juda qimmatligi bilan tillarga tushgan.

Mavzuga oid